Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir kun hokim bo‘lganim yoxud fuqarolik burchi
17:48 / 2021-10-20

BUGUNNING GAPI

Atrofi bezatilgan katta bog‘. Qushlarning mayin, biroz sehrli ovozi ko‘ngilda dadillik tuyg‘usini uyg‘otadi. Atrofimda girdikapalak bo‘layotgan hamkasblarim «nima xizmat?», deya mulozamat qiladi.

– Siz aytgan ishlarning bari ko‘ngildagidek bajarilmoqda. To‘rtta kambag‘al oilaga uch xonali uy qurish ishlari boshlab yuborildi. 16 ta muhtoj oilaning 3 yillik qarzi to‘lab berildi. Navbati bilan ko‘chalarga qum-shag‘al yotqizilayapti. 7 ta mahalladagi asosiy ko‘chalar asfaltlandi. Sektoringizdagi maktablar ta’mirlandi. Bir-ikki kunda ochilish marosimini o‘tkazsak bo‘ladi. Faqatgina tushuntirganingizga qaramay "Mustaqillik" ko‘chasidagi odamlarni tinchitib bo‘lmayapti. Quduq navbati bilan ta’mirlanadi, desak ham qandaydir bloger topib, ijtimoiy tarmoqqa chiqarishibdi. Aslida bu quduq 2019 yilda davlat dasturi asosida ta’mirlangandi. Qolaversa, tor ko‘cha bo‘lgani sababli dasturga tushmagan. Shunga qaramay asfaltlanib, ariq yoqasidagi daraxtlar oqlandi. Keyin o‘tgan hafta qabulingizga kirgan Oliyhimmat mahallasidagi fuqaroga 5 mingta pishiq g‘isht, 2 tonna sement berilgandi. Bugun yana qurilish mollari bering, uyimni yomg‘irli kunlarga qoldirmasdan qurib bitkazib olay, deb qabulingizga kelibdi. Siz...  

– Menga qarang, istasangiz ham kiraman, istamasangiz ham. Hokimning shu yerdaligini yaxshi bilaman. Ana, mashinasi ham turibdi. Bergan g‘ishtlarini terishga ham yordam bersinda, endi. Savob ishni oxirigacha qilsa bo‘ladiku. Boshqalarga o‘xshab har kuni qabuliga kelib, kamimni to‘ldirib olayotganim yo‘qku. Turmush o‘rtog‘im og‘ir ishga yaramaydi. Qarindoshlarim ham o‘zidan ortmaydi. Kim mening uyimni qurib beradi? Hoy hokim opa, hokim opa deyman. Agar shu bugun ishchilarni yubormasangiz, Prezidentga yozaman, bildingizmi?  

O‘zining ishiga ulgurmayotgan xodimlarimni hasharga qanday yuboraman? Oliyhimmat qaydasan, deb o‘zim yo‘lga chiqdim. Ostonada ko‘rinishidan tuppa-tuzuk, tog‘ni ursa talqon qiladigan erkak tirjaygancha kutib oldi. Nazarimda uy atrofi yaqin bir yil ichida supurilmagan. Devorlar ham ayanchli holatda. Yordamimiz bilan keltirilgan narsalar qanday qoldirilgan bo‘lsa, shundayligicha turibdi. Yengimni shimarib, bir qop sementni uy qurishga mo‘ljallangan tomonga olib o‘tdim. Men bilan kelganlar ham navbati bilan sement, g‘isht tashishdi. Tushgacha ishladik. Atrofga yig‘ilgan tumonat odam yordam berish o‘rniga telefonida suratga, videoga olishdi.

Hali ishimiz tugamasidan «Hokimmi bu yo quruvchi?», «Hokim loy qormoqda», «Mahallamizdagi sementlar hokim yelkasida» nomli video va suratlar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi. Ayniqsa, sharhlarni o‘qiganda ilon ham po‘st tashlaydi. O‘lganning ustiga tepganday qilib, uy egasi tirjaygancha «ko‘chada qolgan sementlarni ham kiritib berasizmi?», degani jonimdan o‘tib ketdi. «E, erkakmisan, tog‘dek kuching bo‘lsa, o‘zing tushirib olda», deb qo‘l siltaganimni bilaman, «Ishni o‘zingiz boshlagan bo‘lsangiz, oxirigacha yetkazib qo‘yingda. Bo‘lmasa internetga chiqarib, sharmanda qilaman», deydi bezraygancha. «Yo‘q... chiqarsang chiqar», deb jahl qilsam, yonimda o‘tirgan onam «Qizim, nima bo‘ldi? Yomon tush ko‘rdingmi?» degancha peshonamni siladi.  

Har gal sayyor qabulda fuqarolarning murojaatini tinglab, «nahotki huquqini bilgan fuqaro o‘z burchini bilmasa, qilayotgan murojaatining yechimi o‘z qo‘lida ekanligini bilmasa?», deya o‘ylab qolaman. Mahalladoshlari bilan ikki soat hashar uyushtirsa, ariq-zovuri toza bo‘lib, ariq yoqasidagi daraxtlar oqlanib qoladiku!  

Mana bu ayol har sayyor qabulda hoziru nozir. Sayyor qabulda u bor, men bor. Tavba, prokurorga qarab «Siz qonunni bilmaysiz, gaplaringiz noto‘g‘ri» deydimi?! Qanday qilib tuman prokurori qonunni bilmasligi mumkin?! Kamiga  menga qarab, «Suratga olmang, siz olgan suratlar internetga chiqib ketarkan. Rasmimni ko‘rgan tanishlarim uyat qilmasin tag‘in», deydi.  

Qabuldagi fuqarolarning murojaatlarini tinglab, yechim topish uchun sektor rahbarlari bilan imkon qadar harakat qilamiz. Ayrim murojaatlar mulohaza qilish tugul, yechimini izlashga ham arzimaydi.

Sho‘rchi tumanidagi sektor rahbarlarining qabulidan tashqari telegram botimizga kelgan ana shunday murojaatlardan birini qanday bo‘lsa shunday keltiraman: «Oilaviy» telekanali rahbariga iltimosnoma. Nogiron fuqarolar

davlat himoyasiga olinganini inobatga olib, e’tiborsiz qoldirilgan murojaatimni «Oilaviy» telekanali shaxsan o‘rganib chiqishiga yordam berishingizni so‘rayman. «Sevimli» telekanalining rahbariyatiga va «Zamon» informatsion dasturiga iltimosnoma tariqasida 75422/21-murojaatni qoldirgan edim, ammo natija bo‘lmayapti. Ushbu arizalarimni «O‘zreport» telekanali o‘rganib chiqishini so‘rayman».

Bu murojaatni qanday tushunsa bo‘ladi? Fuqaro nima masalada murojaat qilayotganini yozmagan. Na adresi, na ism-familiyasi, na telefon raqami bor. Ism-familiyasini, yashash manziliyu, telefon raqamini so‘rab yozgan xabarimga qo‘lini musht qilgan smaylikcha keldi, xolos.

Ana shunday murojaatlarning yana birini o‘qib ko‘ring. «Men 2020 yilda bankdan imtiyozli kredit olgandim. Oylik maoshim farzandlarim va o‘zimning kunlik xarajatlarimdan ortmagani sababli kreditni shaxsiy ehtiyojlarimga ishlatib yuborgandim. Shu bois kredit foizlarini o‘z vaqtida qaytarolmadim. Menga yana 33 million so‘m imtiyozli kredit olishga yordam bersangiz, avvalgi kreditimni yopib, qolganiga chorvachilik qilishga harakat qilaman. Murojaatimga necha kunda javob yozasiz? Agar ko‘maklashmasangiz «Feysbuk» orqali Prezidentga murojaat qilib, sizning sharmandangizni chiqaraman».

Bunday murojaatlarni o‘qib yoqa ushlaysan kishi. Agar “@shurchipress_bot” telegram botini yuritmaganimda shunday murojaatlar ham borligiga ishonmasdi. Murojaatlarga o‘z vaqtida javob yozib, tushuntirgunimcha qosh qoraydi.

...O‘ngimda emas, bir kungina tushimda hokim bo‘lib, tavbamga tayandim. Har kuni fuqarolarning dardini tinglagan, tashvishiga sherik bo‘lib, muammosini hal qilib bergan, qolaversa ijtimoiy tarmoqlarda asabni buzadigan gap-so‘zlar bilan «siylanayotgan» rahbarlarning sabriga qoyil.  

Ha, aytganday, fuqarolarga huquqi bilan birga burchi, vazifasini ham tushuntirsak, yaxshi bo‘lardi.  

 

 

Nigina SHOEVA,  

jurnalist