Bugun yurtimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, mahsulotlar yetishtirishda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyilining yo‘lga qo‘yilganligi o‘z samarasini bermoqda.
“Agrobank” ATB Navoiy viloyati boshqarmasi tasarrufidagi filiallar tomonidan viloyatning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 5 ta hududi - Karmana, Konimex, Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlariga biriktirilgan mas’ullar hamda hokim yordamchilari hamkorligida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilgan konturlarda daromadli eksportbop namunali loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Karmana, Konimex, Qiziltepa, Navbahor tumanlarining har biriga 1 ta konturda 10 gektardan hamda Xatirchi tumanida 3 ta konturda 10 gektarda turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Mazkur maydonning 30 gektarida brokkoli karam, 10 gektarida sabzi, 10 gektarida esa qizil lavlagi ekilgan.
– Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun “Agrobank” ATB tomonidan 1 milliard 550 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi, – deydi Kichik biznes sub’ektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Nurbek Ne’matov. – Jumladan, Xatirchi tumanidagi “Og‘abek Shamshodi omadi” fermer xo‘jaligiga hamda Navbahor tumanidagi “Navbahor sayqali kamoli” fermer xo‘jaligiga 500 million so‘mdan, Karmana tumanidagi “Sevoltepa Ravnaqi” fermer xo‘jaligiga 300 million so‘m, Qiziltepa tumanidagi “Meva-sabzavotchilik agregatori” MCHJga 100 million so‘m hamda Konimex tumanidagi “Sohib” fermer xo‘jaligiga 150 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari taqdim etildi.

Qayd etish kerakki, Navbahor tumanining Saroy mahallasidagi “Navbahor sayqali kamoli” fermer xo‘jaligi 10 gektar yer maydoniga brokkoli karam ekilgan bo‘lib, ushbu mahsulotdan 1 milliard 750 million so‘m daromad olish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Qiziltepa tumani Oqsoch mahallasidagi “Meva-sabzavotchilik agregatori” MCHJda yetishtirilayotgan sabzi mahsulotidan 600 million so‘m daromad olish rejalashtirilgan. Bu kabi yuqori daromad olish bo‘yicha Xatirchi va Karmana tumanlarida ham barcha choralar ko‘rilmoqda.

– Fermer xo‘jaligimiz dala maydonlariga qizil lavlagi ekilgan, – deydi “Sohib” fermer xo‘jaligi rahbari G‘affor Bozorov. – Ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun 10 nafar mahalliy aholining bandligi ta’minlangan. Lavlagidan har gektaridan 60-70 tonna hosil olinib, bitta ijarachi 100 million so‘mgacha daromad olishi rejalashtirilgan.
“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad bozorlarimizni sifatli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash hamda xorijiy davlatlarga eksportni yo‘lga qo‘yishdir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari