Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir kilogramm goʻshtning narxi 46 ming soʻm
19:33 / 2020-10-20

Soʻnggi paytlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Tansiqboy” dehqon bozori misolida ushbu maʼlumotning qanchalik asosli ekanligini oʻrgandik.

Dolzarb mavzu
 
Soʻnggi paytlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Tansiqboy” dehqon bozori misolida ushbu maʼlumotning qanchalik asosli ekanligini oʻrgandik. 

Avvalo, bozorda ushbu turdagi oziq-ovqat mahsulotlari xaridorlarini suhbatga chorladik. 

– Bozordagi arzonlashtirilgan yarmarkada guruchning oʻrtacha narxi 5 ming soʻm, – deydi Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi Toʻlqin Xudoynazarov. – Guruchning 6 ming soʻmligidan oldim. Sifati yaxshi. Bu yerda goʻshtning narxi ham arzon, bir kilosi 55 ming soʻm ekan. Bozorda tadbirkorlar goʻshtni 65 mingdan 72 minggacha sotishyapti. Yarmarkada arzon, qolaversa, sifatli boʻlgani uchun shu yerdan xarid qilyapman. 

Bu yerda goʻsht narxi 46 ming soʻm, deb yozib qoʻyilgan. Xoʻsh, haqiqatdan ham eʼlonda koʻrsatilgani kabi goʻsht 46 ming soʻmdan sotilyaptimi? Arzon goʻsht qayerdan olib kelinadi? 

Shu kabi savollar bilan goʻsht sotuvchisiga murojaat qildik. 

– Bu kabi arzon goʻsht mahsulotlari hukumatimiz tomonidan Belarus davlatidan olib kelinmoqda, – deydi sotuvchi Asliddin Norov. – Bir necha kundirki, bozorda tashkil etilgan ushbu yarmarkada goʻsht, shuningdek, boshqa mahsulotlar ham arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda. 

photo_2020-10-20_19-34-53.jpg

Maʼlumotlarga koʻra, bir kilogramm tovuq goʻshti 17 mingdan 19 ming soʻmgacha, baliqning bir kilosi esa 15 mingdan 30 ming soʻmgacha sotilayapti. 

Arzonlashtirilgan yarmarkada, shuningdek, meva-sabzavot, poliz ekinlari rastalari toʻkin. U yerda serquyosh zaminimizda yetishtirilgan barcha noz-neʼmatlar oʻrin olgan. Bu yerda bir kilogramm olmani 5 ming soʻmdan, pomidor va baqlajonni 2,5 ming soʻmdan xarid qilish mumkin.

Bu yerda xaridorlarga tuxum ming soʻm, shakar 6 ming soʻm, birinchi navli un 4,5 ming soʻm, 1 litr pista yogʻi 11 ming 500 soʻm, 5 litr yogʻ esa 57 ming 500 soʻmdan taklif qilinmoqda. 

– Toʻgʻrisini aytsam, shu oyda narxlar biroz koʻtarildi, ayniqsa, goʻsht mahsulotlari, – deydi xaridor Husniddin Haydarov. – Mana shu bozordan bir kilogramm suyaksiz mol goʻshtini tadbirkor qassoblardan 83 ming soʻmdan, qovurgʻali qoʻy goʻshtini esa 75 ming soʻmdan olar edim. 

Bozorlarda bu kabi arzonlashtirilgan yarmarkalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani yaxshi boʻldi. Bu bozorning talab va taklif qoidasini meʼyoriga keltirdi. Misol uchun, yarmarkada goʻsht 46 mingdan 55 ming soʻmgacha sotilyapti. Shundan kelib chiqib, tadbirkor ilgari 80-83 ming soʻmdan sotayotgan goʻshtni endilikda 55-60 ming soʻmdan bermoqda. 

Yarmarkada bir litr pista yogʻi yuqorida qayd etib oʻtilganidek, 11 ming 500 soʻm boʻlsa, xuddi shuncha yogʻ tadbirkorlar tomonidan 14-15 ming soʻmdan sotilayotganiga guvoh boʻldik. Shuningdek, bozorda yarmarkadan farqli oʻlaroq, 1 navli un 5,5-6 ming, bir kilogramm guruch 10 mingdan 15 ming soʻmgacha sotilmoqda. 

– Bozor hududida 20 ta arzonlashtirilgan savdo nuqtamiz bor, – deydi “Qoraqamish dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Sherzod Ahmedov. – Unda aholi uchun birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi yoʻlga qoʻyilgan. 



Koʻpchiligimiz “Chorsu” deb ataydigan “Eski Juva” dehqon bozorida ham birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini oʻrgandik. 

Bozorning arzonlashtirilgan rastalarida mol goʻshti 45-46 ming soʻm, tovuq goʻshti 17-19 ming soʻm, 1-navli un oʻrtacha 4 ming 500 soʻm, bir litr pista yogʻi 11 ming 500 soʻm, tuxum 900 soʻmdan 1 ming 100 soʻmgacha, shakar 5 ming 800 soʻm, guruch (“alanga”) 9 ming 200 soʻm, kartoshka 3 ming 500 soʻmdan sotilmoqda.

– Mol goʻshtida “kontur file” degan joyi boʻladi, – deydi bozor qassoblaridan biri Jaloliddin Boboxoʻjayev. – Bitta qora moldan nari borsa 2-3 kilogramm ana shunday goʻsht olinadi. Faqatgina ana oʻshani 120 ming soʻmdan sotamiz. 

“Kontur file”ning oʻz xaridori boʻladi. Lekin goʻshtni odatiy narxda, xususan ilik suyagini 13 ming soʻmdan, mol goʻshtini 55-60 ming soʻmdan, qoʻy goʻshtini esa 55 mingdan 60 ming soʻmgacha berayapmiz. 

Prezidentimiz joriy yil 16-oktyabrda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida bozorlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish, narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olish borasida tegishli topshiriqlar berilgan edi. 



– Mazkur vazifalar ijrosi doirasida bozorda “oʻrtakashlarsiz” sotish istagini bildirgan dehqon va fermer xoʻjaliklariga qator imtiyozlar, xususan, bepul savdo rastasi hamda avtoturargohdan joy ajratilib, rasta sovutgichlar bilan taʼminlandi. – deydi “Eski Juva” dehqon bozori direktori oʻrinbosari Hurshid Egamberdiyev. 

– Arzonlashtirilgan yarmarka bozor ichkarisida narxlarning sunʼiy oshirilishiga toʻsqinlik qiladi. Bozorning arzonlashtirilgan 10dan ortiq goʻsht rastasi boʻlib, unda goʻsht 45 mingdan 55 ming soʻmgacha sotilayapti. 

15dan ortiq rastada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari toʻgʻridan-toʻgʻri daladan bozorga olib kelinib, aholiga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda. 

Bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etish orqali raqobat muhiti shakllantirilib, narxni moʻtadil ushlab turishga erishilmoqda. Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tomonidan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan mana shunday yarmarkalarda narxlarni sunʼiy oshirmaslik doimiy nazorat qilib boriladi. 

Toʻgʻri, ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan narxlarda ham sotilmoqda. Bundan koʻz yumib boʻlmaydi, albatta. Ammo xalqimizda “Otang bozor, onang bozor”, degan gap ham bor. Mahsulotlarni arzon olmoqchi boʻlsangiz, yarmarkalarga boring.