Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir jasorat – bir umrlik ibrat (+video)
20:12 / 2026-02-24

Joriy yilning 22-fevral kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yuz bergan voqea insonparvarlik va jasoratning yorqin namunasiga aylandi. Yettinchi qavatdan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan Xayrulla Ibodullayevning fidokorona harakati jamoatchilik tomonidan katta e’tirof etildi. Ushbu jasorati uchun u mamlakatimiz Prezidenti farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Qahramonning Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida istiqomat qilishi yurtdoshlarimiz uchun alohida iftixor manbai bo‘ldi. O‘zA muxbiri “Toshguzar” mahallasida joylashgan Ariqoshgan qishlog‘ida uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

1989-yilda tug‘ilgan Xayrulla Ibodullayev turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar qiz farzandi bilan qishloqda yashaydi. Tirikchilik tashvishi bilan u bir necha yillar davomida Toshkent shahrida hamda Rossiya Federatsiyasida mehnat qilib kelgan.

Yaqinlarining aytishicha, Xayrulla bolaligidanoq hayot sinovlarini boshidan kechirgan – u uch oyligida onasidan ayrilgan. Shu sabab uning ko‘ngli nozik, qalbi mehribon bo‘lib ulg‘aygan. U hech qachon faqat o‘z manfaatini o‘ylamaydi, balki yordamga muhtojni ko‘rsa, befarq o‘tib ketolmaydi. Otasining ta’kidlashicha, o‘g‘lining kechagi jasorati aynan ana shu tarbiya va hayot tarzining mantiqiy davomidir.

[gallery-27843]

Turmush o‘rtog‘i ham ushbu voqea uni hayratga solmaganini aytadi. Chunki Xayrulla har doim kimgadir yordam bersa, shuning o‘ziga quvonadi. Voqea sodir bo‘lgan paytda ham u bolani ko‘rib, ko‘z oldiga o‘z farzandlari kelganini, shu tuyg‘u uni darhol harakatga undaganini aytgan.

Opasining so‘zlariga ko‘ra, u uchun yaxshilik bir martalik holat emas. Rossiyaga ketishidan oldin ham og‘ir ahvoldagi qizaloqqa donorlik qilib, uning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shgan. Shu bois “Jasorat” medali bilan taqdirlangani oila uchun kutilmagan, ammo juda quvonarli voqea bo‘lgan.

Qo‘shnilar esa uni faqat jasoratli inson emas, balki ko‘pchilikka yo‘l ochib bergan fidoyi shaxs sifatida ta’riflaydi. Ayniqsa, u Oloy dehqon bozorida ishlab yurgan yillarda qishloqdan o‘nlab yigitlarni ish bilan ta’minlab, ularning oyoqqa turishiga sababchi bo‘lgani alohida ta’kidlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xayrulla Ibodullayev Rossiyada ham ushbu jasorati uchun munosib taqdirlangan. U Tigran Keosayan nomidagi mukofot – 1 million rubl pul bilan rag‘batlantirilgan. Ushbu mukofot Margarita Simonyan tashabbusi bilan ta’sis etilgan bo‘lib, bolalar va zaif insonlarni himoya qilgan fidokorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NHWr8MKXGLw" title="Bir jasorat – bir umrlik ibrat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (video), O‘zA muxbirlari