VIII asr o‘rtalari jahon siyosiy xaritasida ikki buyuk kuch – g‘arbdan shiddat bilan kengayib kelayotgan Abbosiylar xalifaligi va sharqdan o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga urinayotgan qudratli Tan imperiyasi (Xitoy) o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat avj olgan davr edi. Bu ikki ulkan saltanat manfaatlari aynan Movarounnahr zaminida to‘qnashishi muqarrar edi. Bu hudud nafaqat Buyuk ipak yo‘lining yuragi, balki madaniy va savdo oqimlarining asosiy chorrahasi ham edi. Tarixning ushbu hal qiluvchi pallasida mintaqaning kelajakdagi qiyofasini belgilab bergan hodisa yuz berdi. Bu – Taroz jangidir.
Mashhur arab tarixchisi Ibn Asirning “Al-komil fi-t-tarix” (“Mukammal tarix”) asarida keltirilishicha, mojaro mahalliy hokimiyatlar o‘rtasidagi ziddiyatdan boshlangan. Farg‘ona ixshidi (hokimi) va Shosh (hozirgi Toshkent) hokimi o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. O‘z kuchiga ishonmagan Farg‘ona ixshidi yordam so‘rab Xitoy hukmdoriga murojaat qiladi. Bu murojaat Tan imperiyasi uchun Movarounnahrda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun qulay bahona bo‘ladi. Xitoy qo‘shini yordamga kelib, Shosh hokimini qamal qiladi. Og‘ir ahvolda qolgan Shosh hokimi taslim bo‘ladi, ammo ular va’dalariga xilof ravishda unga va uning aholisiga nisbatan shafqatsizlik qilishadi.
Bu xabar Xurosondagi abbosiylar noibi Abu Muslimga yetib borgach, u mintaqadagi strategik muvozanat buzilayotganini va Xitoyning kengayishi xalifalik manfaatlariga jiddiy tahdid solishini darhol anglaydi. Abu Muslim vaziyatga aralashishga qaror qiladi va o‘zining eng ishonchli sarkardalaridan biri – Ziyod ibn Solih boshchiligidagi qo‘shinni Tan imperiyasi kuchlariga qarshi yuboradi. Ikki buyuk saltanatning qo‘shinlari 751 yilning iyul oyida Taroz daryosi bo‘yida yuzma-yuz keladi. Bu tarixdagi eng muhim janglardan birining boshlanishi edi.
Jang besh kun davom etadi. Ikkala tomon ham ulkan kuch va mahorat ko‘rsatadi. Dastlabki kunlarda kuchlar nisbati teng bo‘lib, jang natijasi noaniqligicha qoladi. Ammo hal qiluvchi pallada kutilmagan hodisa yuz beradi. Xitoy qo‘shini tarkibida majburan safarbar qilingan qarluq qabilalari jangda abbosiylar tomoniga o‘tib ketadi. Bu holat jang taqdirini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Qarluqlarning harakati va strategik joylashuvi Tan armiyasining saflarida parokandalikni keltirib chiqaradi.
Ziyod ibn Solih qo‘shini bu qulay vaziyatdan unumli foydalanib, yakuniy va qat’iy hujumga o‘tadi. Ibn Asirning yozishicha, musulmonlar qo‘shini to‘liq g‘alabaga erishadi. Jang natijasida xitoyliklarning katta qismi asir olinadi. Qolganlari esa tartibsiz ravishda chekinishga majbur bo‘ladi. Taroz jangidagi bu mag‘lubiyat Tan imperiyasining g‘arbga qarab yurishini butunlay to‘xtatadi va uning Markaziy Osiyodagi ta’siriga chek qo‘yadi. Mintaqaning kelajagi endi Islom sivilizatsiyasi bilan bog‘lanadi.
Ammo Taroz jangining eng buyuk va jahonshumul ahamiyati boshqa bir jihat bilan bog‘liq. Asir olingan xitoyliklar orasida qog‘oz ishlab chiqarish sirlarini biladigan hunarmandlar ham bor edi. Samarqandga olib kelingan bu hunarmandlar mahalliy aholiga qog‘oz tayyorlash texnologiyasini o‘rgatadilar. Natijada Samarqand butun musulmon dunyosidagi birinchi va eng mashhur qog‘oz ishlab chiqarish markaziga aylanadi. Samarqand qog‘ozi o‘zining yuqori sifati bilan dovrug‘ qozonadi va butun dunyoga tarqaladi. Bu ixtiro Bag‘doddan tortib Andalusiyagacha ilm-fan, adabiyot, ma’muriy ishlar va butun madaniyatning gullab-yashnashiga misli ko‘rilmagan turtki beradi. Arzon va qulay yozuv materialining paydo bo‘lishi kitoblarning ko‘payishiga, kutubxonalarning boyishiga va ilmiy bilimlarning keng tarqalishiga zamin yaratdi.
Shunday qilib, Taroz jangi nafaqat harbiy g‘alaba, balki butun insoniyat tarixiga ta’sir ko‘rsatgan buyuk madaniy inqilobning debochasi bo‘ldi. Bu jang Movarounnahrning nafaqat geosiyosiy taqdirini, balki uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shadigan hissasini ham belgilab berdi. Bugun biz Taroz jangini eslar ekanmiz, ajdodlarimizning nafaqat harbiy jasoratini, balki yangilikni qabul qilish va uni butun dunyoga tarqatishdagi donishmandligini ham yodga olamiz.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA