Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bir hovuch nur qo‘shgan ismimga xalqim”
19:54 / 2023-05-29

Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan xalqimizning sevimli ijodkori, O‘zbekiston Xalq shoiri Oydin Hojiyeva xotirasiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda  shoiraning turmush o‘rtog‘i – O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov hamda bir guruh taniqli shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, “Saodat” jurnali jamoasi ishtirok etdi.

Ishtirokchilar dastlab  Qiziltepa tumanining Bo‘ston qishlog‘ida shoiraning bolaligi o‘tgan xonadonda bo‘ldi. Marhuma haqqiga duo-fotiha o‘qildi. Yaqinlari, qarindosh urug‘lari, mahalladoshlari bilan  o‘zbek she’riyatida ulug‘ bir yo‘lni bosib o‘tgan ijodkorning xalq ma’naviyatiga qo‘shgan bemisl xizmatlari xotirlandi.

Shundan so‘ng tadbir  Karmana shahridagi  “Oqsaroy” tantanalar majmuasida davom etdi. Shoira xotirasiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilindi.

Yig‘ilganlar e’tiboriga shoira hayoti va ijodiga oid “Bir hovuch nur qo‘shgan ismimga xalqim” nomli videorolik namoyish etildi.

– Oydin Hojiyeva nafaqat shoir, balki ko‘plab ijodkorlarning boshini silagan mehribon murabbiya hamdir, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Saodat“ jurnali bosh muharriri M.Usmonova. – Hozir o‘zim rahbarlik qilayotgan “Saodat” jurnali tahririyatiga Oydin opaning bosh muharrirlik davrlarida  ishga kirgan edim. U kishidan o‘rganganlarim, olgan saboqlarim bugungi kunda men uchun bir dastur vazifasini o‘tamoqda. Opaning shogirdparvarliklari,  xato va kamchiliklarga muloyimlik va kenglik bilan qarashlarini doim o‘zimda mujassamlashtirishga harakat qilaman.

M.Pirnafasova, O‘zA