Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir haftada hal etilishi va’da qilingan muammo yechimini kutmoqda
10:32 / 2022-06-07

Bir murojaat izidan

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘nida yashovchi aholi 50 metr joyga piyodalar yo‘lakchasi qurish, katta avtomobil yo‘li asfaltiga piyodalar o‘tishi uchun  chiziq(zebra) chizib berishni so‘rab murojaat qilmagan idorasi qolmagan.  Aholining ushbu muammosini o‘rganish uchun mahallaga bordik, aholining gaplariga quloq tutdik. 

– “Istiqlol” mahallasida yashayman, – deydi mehnat faxriysi Rahmatilla Sarimsoqov. – Mana shu aholi qatnayverishidan yuzaga kelgan tuproq yo‘lakcha mahalladan boshlanib to Jizzax shahri – Uchtepa posyolkasining katta avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan masofa bor-yo‘g‘i 52 metrni tashkil etadi. Men kabi qariyalar, bolalar 300-400 metrdan ko‘ra 50 metrdan yurishni ma’qul ko‘radi-da. Yog‘ingarchilikda loy-botqoq, issiq havoda chang-tuproq yo‘lakchamizning oxiri, ya’ni katta avtomobil yo‘lida piyodalar o‘tish joyiga “zebra” chiziqlari chizilmagan, “Ehtiyot bo‘ling piyoda!” yo‘l belgisi ham qo‘yilmagan. 

Bu fuqarolar hayotini xavf ostida qoldirmoqda. Shu joydan piyodalar uchun yo‘lakcha qilib, tungi yoritgichlar o‘rnatib, katta yo‘ldan “zebra” chizib berishlarini so‘rab murojaat qilmagan idoramiz qolmadi. Jumladan, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mavlyanovning tumanimiz fuqarolari uchun o‘tkazgan sayyor uchrashuvida shu masalani ko‘targanimizda, tumanimizning sobiq hokimi Sayfiddin Ismailov, “Bu vazirga ko‘taradigan masala emas, o‘zim 1 haftaga qolmay hal qilib beraman!” deb va’dani berib, vaziyatdan chiqib ketgan edi. Ammo va’da qilingan bir haftadan 100 talari o‘tib ketdi, aholining murojaati esa amalga oshmay, va’da va’daligicha qolib ketdi. Oxiri o‘sha tuman hokimi ishdan olindi ham. Lekin muammo hal bo‘lmadi.

Bundan tashqari, Prezidentning viloyatdagi va tumanimizdagi Xalq qabulxonalariga 2-3 martadan murojaat qildik, hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Har murojaatimizdan so‘ng “Avtoyo‘l” va GAI (yo‘l harakati xavfsizligi demoqchi)dan kelib, “Qilib beramiz!” deya va’dani berishadi. Ammo muammo – muammoligicha qolib ketaveradi. 

–Biz murojaat qilaverib charchadik, – dedi Nortoji opa Haydarova. – Lekin rahbarlar va’da berishdan charchamayapti. Piyodalar yo‘lakchasi, tungi yoritgichlar va katta yo‘lda piyodalar o‘tish chizig‘i (zebrsi) bo‘lmagani tufayli, 2 sotixli kotejda yashaydigan bir ayolni mana shu katta avtomobil yo‘lida qizi bilan qo‘shib mashina urib ketdi. O‘zi o‘ldi. Qizi esa bir umrga nogiron bo‘lib qoldi. Turmush o‘rtog‘i qizchasini olib, “Bunaqa fuqarolar xavfsizligiga befarq bo‘linayotgan mahallada yashamayman” deb uyini ham tashlab, qishlog‘iga ketivordi.  Yana uch kishini ham mashina aynan shu avtoyo‘lda urib ketdi, ular Xudo degan ekanmi, davolanib chiqdi. Mana shugina joyga yo‘lakcha qurib, tungi yoritgichlar qo‘yish, “zebra” chizishga katta mablag‘ ketmasa kerak.

– Olti yildan buyon hal bo‘lmagan muammomiz endi umuman hal bo‘lmasa kerak, – deydi mahalla fuqarosi Gavhar Ro‘zmetova. – Chunki Jizzax – Uchtepa katta avtomobil yo‘li o‘rtasidan temir to‘siqlar tortilib, piyodalar o‘tishi uchun maxsus joy ham qo‘yilmadi. Endi piyodalar o‘tishini anglatuvchi chiziqlar ham tortib bo‘lmaydi, deb turib olishsa ajab emas. Ayollar, bolalar, qariyalar temir to‘siqdan oshib o‘tib, o‘z hayotiga battar xavfga qo‘ymoqda. Qizlarimiz fabrikada tungi “smena”da ishlaydi. Yarim tunda fabrika avtobusi  katta yo‘lga tushirib ketadi. Tunda uxlamay, qizlarimizni ko‘chada yurak hovuchlab kutib o‘tiramiz. Birinchidan bu yerda chiyabo‘ri(shaqol)lar bor, shu yerldarda sang‘ib yuradi, tuni bilan uvvullab chiqadi. Chiroq qo‘yilsa shular ketadi. Tunov kuni qizlarimizni kutgani chiqib tursak, 2 ta qiz qiy-qiylab, qochib kelyapti. Orqasidan bir nechta bezori bolalar quvyapti, ularning baqir-chaqiridan 3-4 ta qo‘shni erkaklar yugurib chiqqandan so‘ng haligi bezorilar qochib ketdi. 

Nahotki yo‘lakcha qilib, chiroqlar qo‘yib, temir to‘siqni ozgina joyini ochib, “zebra” tortib berish shunchalik qimmat bo‘lsa?

– Men mahalladagi namunaviy uylarda yashayman, – deydi Lola Yo‘ldosheva. – Ishonsangiz uylarimizda kanalizatsiya yo‘q. Yoz faslida ham biz eshik-teshikni yopib, dimiqib uyda o‘tiramiz. Chunki oqava suvlar uchun kanalizatsiya qilinmagan, ularning hidiga chidab bo‘lmaydi. Bizni uylarimiz qurilganiga ko‘p yillar bo‘lgan, lekin yaqinda keyingi mahallaga qo‘shib qurilgan 2 sotixli uylarda ham markaziy kanalizatsiya yo‘q, qilinmagan. Uzoq yillardan buyon hal bo‘lmay kelayotgan yo‘lakcha qurish masalasiga kelsak uni o‘zimiz hashar yo‘li bilan bartaraf etmoqchi edik. Kimdir sement, kimdir stolba, boshqasi chiroq va hokazolar uchun mablag‘ yig‘adigan  bo‘ldik.  Biroq katta yo‘lga Temir to‘siq qo‘yilgach bu rejamiz ham to‘xtab qoldi. Chunki temir to‘siqni o‘zimizcha buzib, “zebra” torta olmaymiz. 

[gallery-7469]

Fuqarolarning murojaatlarini biz bilan birga tinglab turgan, “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdunabi Mirzaqulovga yuzlandik.

– Sizlar kelishingizdan 10-15 daqiqa avval Rahmatilla aka Sarimsoqov telefon qilib menga shu muammoni aytdi, – deydi MFY raisi Abdunabi Mirzaqulov. – Bir necha kun muqaddam nihoyasiga yetgan mahalla saylovida yutib chiqib, shu mahallaga rais etib saylandim. Fuqarolarni murojaatini sizlar bilan birga tingladim. Bu yerda piyodalar yo‘lakchasi, tungi yoritgich, katta avtoyo‘lga piyodalar chiziqlari tortish to‘g‘risidagi masalalar aholi tomonidan ko‘tarilmoqda. Ammo loyihada aynan shu yerdan piyodalar yo‘lakchasi qurilishi kerakligi loyihada bor yo‘qligidan hali bexabarman. Shu sabab hozir fuqarolarimizning bu savollariga aniq biror javob aytishim qiyin. Lekin aholimizning murojaatini tinglab, ular ko‘tarayotgan muammoni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz.

“Istiqlol” mahallasini aylanib chiqqanimizda biror ko‘chaning ikki tomonida yog‘ingarchilikda suv yurishi uchun latoklar ham, biror ko‘chada tungi yoritgichlar ham o‘rnatilmaganiga guvoh bo‘ldik. Shu kunlardagi kuchli yog‘ingarchiliklarda yomg‘ir-jala suvlari to‘g‘ri aholi xonadonlariga kirib ketgan bo‘lsa ajab emas.

Ushbu mahallani bunyod etayotganda mas’ullarning mas’uliyatsizligi oqibatida mana shunday aholini qiynayotgan muammolar kelib chiqmoqda. O‘sha vaqtdagi rahbarlarning mas’uliyatsizligi oqibatida yuzaga kelgan muammolarni bugungi mutasaddilar albatta hal qilishiga ishonamiz. Zero, aholi murojaatlarini o‘rganish va muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish har bir rahbarning eng muhim vazifasi hisoblanadi.

A.QAYUMOV, 
J.YORBEKOV (surat) O‘zA