2-8 oktyabr kunlari yurtimizda “Keksalarga hurmat –yoshlarga ibrat” shiori ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Haftalik doirasida Samarqand viloyatida nuroniylar, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar holidan xabar olinib, xayriya tadbirlari, sport musobaqalari, uch avlod uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

– Hafta davomida 90 mingga yaqin nuroniylarning muzeylar, teatrlar va ziyoratgohlarga sayohatlari uyushtirildi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Donaqul Toshboyev. – Xususan, Urgut tumanidan bir guruh nuroniylar qadimiy Buxoro hamda Xorazm viloyatlariga, oqdaryolik nuroniylar Jizzax viloyatidagi Zomin tog‘lariga sayyohat qilishdi.

Keksalarning salomatligini tiklash maqsadida mahallalarda 78 ming nafardan ziyod keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan 497 nafar keksaga reabilitatsiya vositalari – nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi, 7894 nafar yakka-yolg‘iz keksa hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi, 4437 ming nafar keksa zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Uyida yotib qolgan 29631 nafar, shifoxonalarda davolanayotgan 2869 nafar nuroniyning holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

Ta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Asr bilan yuzma-yuz” tadbirlari doirasida 100 va undan katta yoshdagi 32 nafar nuroniy holidan xabar olindi.
Oilalarni mustahkamlash, nuroniylarning hayot tajribasini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish maqsadida 50, 60 va unda ko‘p yillar birga yashagan faxriylar ishtirokida o‘tkazilgan “Qo‘sha qarish saodati” tadbirlari ham aholi tomonidan yaxshi qabul qilindi. Bu kabi tadbirlar noyabr oyida “Keksalar sayohat oyligi”da davom ettiriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA