Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir guruh talabalar ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi
12:40 / 2025-05-21

Andijon davlat texnika institutida bitiruvchi bosqich talabalarining bandligini ta’minlash maqsadida “Karera kuni” tadbiri va mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati hokimligi, viloyat Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati va boshqa davlat hamda nodavlat korxonalar hamkorligida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida faoliyat yuritayotgan 50 yaqin ishlab chiqarish korxonasi hamda tijorat banklarining bo‘lim va filiallari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan  ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida so‘z olganlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda avtomobilsozlik, texnik ishlab chiqarish sohalarida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Bunda yuksak intellektual salohiyatga ega, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan kadrlar, xususan, oliy ma’lumotli yoshlar bandligini ta’minlash muhim ekanligi alohida qayd etildi. 

[gallery-23466]

Yarmarkada ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan o‘z faoliyatlariga oid ko‘rgazmalar namoyish etildi. Shuningdek, ularning 200 dan ortiq bo‘sh va 100 dan ortiq zaxira ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. 

Tadbir doirasida tashkilotchilar va mutaxassislar tomonidan talabalar bilan mehnat qonunchiligi, bu borada ularning huquqiy bilim va savodxonligini oshirish, ishga joylashish, mehnat va madaniy-maishiy sharoitlar, ish haqi miqdori borasida bevosita muloqot va suhbatlar o‘tkazildi. Mutasaddilar bitiruvchi talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi. 

 “Karera kuni” tadbiri va mehnat yarmarkasi davomida taqdim etilgan taklif hamda ma’lumotlar talabalarning ishga joylashishi va kasbiy yuksalishida muhim rol o‘ynaydi.

Tadbir davomida ish beruvchilar tomonidan bir guruh bitiruvchi talabalarga ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi. 

F. Ubaydullayev, 

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari