Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir guruh sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga sovg‘alar topshirildi
21:33 / 2020-11-07

Qoraqalpog‘istonda bir guruh sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasining faxriy yorliqlari hamda sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasaba uyushmalari tashkilotlari Kengashi raisi Ulug‘bek Jalmenov ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda bugungi kundagi pandemiya sharoitida soha vakillarining faoliyati hayotimizda qanchalik muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 1,9 million nafar aholiga 38 statsionar shifoxona va 146 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari xizmat ko‘rsatib, ulardan 35 ta qishloq vrachlik punkti, 69 qishloq oilaviy poliklinika, 17 ta ko‘p tarmoqli markazi poliklinika, 9 ta shahar oilaviy poliklinika hamda 16 ta tuman va bitta shahar tibbiyot birlashmalari aholi salomatligi uchun faoliyat yuritmoqda.

Hududda aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida bunyod qilingan 69 ta qishloq oilaviy poliklinikalarida ayollar maslahatxonasi, qizlar salomatligi xonasi, tez yordam shoxobchasi va ijtimoiy dorixona ochildi.

Aholi eng ko‘p murojaat qilingan «tez yordam» faoliyati ham yangi bosqichga ko‘tarildi. 2017-2019 yillarda tez tibbiy yordam sohasiga 84 ta yangi «Damas» markali, 18 ta zamonaviy reanimobil keltirildi va ularning umumiy soni 167 taga yetdi.

So‘nggi uch yil ichida dori-darmon va tibbiy buyumlarni yetkazib berishda bir qator ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, ushbu maqsadlar uchun 2017 yilda davlat byudjetidan 19,7 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2020 yilda 52,2 milliardga oshdi, bu 2017 yilga nisbatan 3 karra ko‘proq degani.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasining ochilishi va o‘quv binosini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Yil oxiriga qadar uskunalar ham yetkazib beriladi.

Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti Sankt-Peterburg davlat pediatriya universiteti va Koreyaning Koreya universiteti bilan hamkorlikda xalqaro fakultet ochishni rejalashtirgan bo‘lib, 2019-2020 o‘quv yilidan Sankt-Peterburg davlat pediatriya universiteti bilan qo‘shma fakultetga talabalarni qabul qildi.

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), O‘zA