Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir guruh pedagoglar mukofotlandi
13:59 / 2024-12-21

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizda joylashgan Simpoziumlar saroyida maktabgacha va maktab ta’limi sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan “Yil sarhisobi” taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari mas’ul xodimlari, umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari hamda pedagoglar ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ayni vaqtda tizimdagi mavjud 10 mingdan ortiq maktab va 38 mingdan ortiq maktabgacha ta’lim tashkilotida 700 ming nafarga yaqin pedagog  8,7 million nafarga yaqin tarbiyalanuvchi va o‘quvchilarga ta’lim va tarbiya berib kelmoqda.  

Joriy yilda 4 ming 644 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida bolalarning maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 96 foizga yetkazildi. 

Yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 1 ming 500 taga (2023 yil – 500 ta) yetkazildi. Bunda o‘tgan yilgi baholashda ishtirok etgan 500 ta maktab ichida jarayonlarni samarali yo‘lga qo‘ygan maktab jamoalariga 40 foizgacha ustama to‘lab kelinmoqda. O‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilarning o‘rtacha o‘zlashtirish darajasi 6 foizga oshgan.

Joriy o‘quv yilining birinchi chorak natijalarini o‘tgan o‘quv yilining xuddi shu davri bilan solishtirganda o‘quvchilarning bilim olish darajasi 4 foizga oshganini ko‘rish mumkin.

Yana bir muhim jarayon sifatida malaka toifalarini berish tizimi mutlaqo yangi tartibda amalga oshirildi. Shuningdek, ming nafar amaldagi direktor va 1 600 nafar nomzod “Menejerlik o‘quv kursi”da o‘qitilib, 1 ming 800 nafariga sertifikat berildi.

Tadbir davomida joriy yilda alohida ahamiyatli yutuqlarga erishgan bir guruh umumta’lim, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari va pedagoglari “Xalq ta’limi fidoyisi” va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.  

Tadbir so‘ngida “Turon” teatri yosh ijodkorlari ijrosida Abdulla Avloniy qalamiga mansub “Advokatlik osonmi” spektakli hamda madaniy dasturlar ham namoyish etildi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA