Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan va soliq qarzini to‘lamayotgan shaxslar yuzasidan vakolati doirasida xatlov tadbirlarini amalga oshirmoqda.
Xususan, shunday tadbirlardan biri Koson tumanida tashkil etilgan. Bu haqda viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.



Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir davomida tumandagi “Yangi islohotlar davri” fermer xo‘jaligining soliq qarzdorligi evaziga balansida bo‘lgan “BYD” rusumli, “Norsaid Yomg‘irov” fermer xo‘jaligining 40 million so‘mlik soliq qarzi evaziga subsidiar tartibda egaligida bo‘lgan “Lasetti” rusumli, “Jomurodov Jaloliddin” fermer xo‘jaligining 101 million so‘m soliq qarzi evaziga subsidiar tartibda “Captiva” rusumli, “Doniyor Yuldosh” fermer xo‘jaligining soliq qarzi uchun “Cobalt” rusumli avtotransport vositalari xatlanib, jarima maydoniga qo‘yilgan. “Yangi davr inshoot qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatining soliq qarzi evaziga jamiyat balansidagi noturar bino xatlab olinib, muhrlangan.


Shuningdek “Qurbon bobo” fermer xo‘jaligidan xatlov jarayonida 50 million so‘m, “Nazarov Boborahmat Niyoz o‘g‘li” fermer xo‘jaligidan xatlov jarayonida 12,6 million so‘m, “Nuriddinov Dovudbek” fermer xo‘jaligidan xatlov jarayonida 10 million so‘m soliq qarzi undirildi.
Xatlov tadbirlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri