Buxoroda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash borasidagi samarali faoliyati, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun bir guruh rahbar va xodimlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, barchani Yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi.


Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026 yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu esa mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi, deganidir.
– Murojaatnomada Buxoro viloyatida Axborot texnologiyalari sohasida “Data markaz”, superkompyuter va sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, Buxoro temir yo‘l vokzali modernizatsiya qilinishi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida rekonstruksiya ishlari yakunlanishi, botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil etilishi kabi yirik loyihalar qayd etildi. Shuningdek, yangi yilda biznesni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab quvvatlash, farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan oliyjanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz, – dedi Botir Zaripov.


Tadbirda hokimlik boshqaruvi apparati xodimlari, huquqni muhofaza qilish organlari, iqtisodiyot majmui, ijtimoiy, turizm, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari majmui, jamoat tashkilotlari va siyosiy partiyalar rahbarlari viloyat hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasidan so‘z olganlar o‘zlariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida yanada jonbozlik bilan faoliyatlarini davom ettirishni aytib o‘tdi.



Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.