“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida nishonlanayotgan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi Qashqadaryo viloyatida ham katta shodiyona bilan kutib olinmoqda.
Bugun erta tongdan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi bir guruh mahalla faollari, ziyolilar, faxriylar va faol yoshlar guruhlarga bo‘lingan holda Qarshi shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohat qildi.
Tan olish kerak, keyingi yillarda viloyat markazi Qarshi shahrida keng miqyosli qurilish ta’mirlash, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi va bu shahar ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shdi. Zamonaviy atraksionlar bilan jihozlangan istirohat bog‘lari, sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega mehmonxonalar, osmono‘par turar-joy majmualari, keng va ravon yo‘llar, yo‘l yoqalaridagi salomatlik yo‘lakchalari barcha-barchasi aholi turmush tarzining farovonligiga xizmat qilmoqda.
– Rosti Qarshi shahridagi o‘zgarishlarni ko‘rib hayratda qoldik, – deydi Shahrisabz tumanidagi Ko‘l mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ismoil Boboyev. – Poytaxtdan sira qolishmaydi. Shahar aholisiga bilinmasligi mumkin, lekin biz kabi tog‘u toshlar orasida yashaydiganlar uchun o‘zgarishlar yaqqol seziladi. Muhtasham imoratlar, mehmonxonalar, chiroyli qilib qurilgan tashkilot va idoralar binolari, istirohat bog‘lari, yoritish vositalari o‘rnatilgan keng yo‘llar barcha-barchasi tahsinga loyiq. Bir guruh mahalladoshlar bilan bugun shaharning ko‘plab chiroyli joylarini aylandik. Chin ma’noda mustaqillik havosini his qildik. Taassurotlar juda katta xullas.
[gallery-3667]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA