Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir gektar o‘rmon o‘rtacha 150 - 200 ming aholi yashaydigan shahar havosini tozalaydi
17:28 / 2021-12-21

O‘simliklar dunyosi inson salomatligi uchun shifobaxsh xususiyatga ega. Misol uchun, o‘rtacha bir gektardagi keng bargli o‘rmonlar 4-5 kilogramm, ninabargli o‘rmonlar 7-8 kilogramm shifobaxsh moddalar ajratib, turli bakteriyalarni zararsizlantiradi. Shu tariqa bir gektar o‘rmon o‘rtacha 150 — 200 ming aholi yashaydigan shahar havosini tozalaydi.

Mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalardan biri - «Yashil makon» doirasida minglab gektar maydonda ko‘chatlar ekilib, o‘simliklar va daraxtlar parvarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida Toshkentda ham bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Ana shu maqsadda Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi dastur asosida tizimli ishlar olib bormoqda. Boshqarmaning inspektorlari poytaxtimiz hududlarida yashil maydonlar, daraxtlar va o‘simliklarni parvarishlash, zararli organizmlardan himoyalash maqsadida nazorat tadbirlari olib bormoqda.

Poytaxtimizdagi Botanika bog‘i o‘ziga xos yashillik olamiga ega. Bog‘ hududidagi o‘simliklar, daraxtlar, poliz ekinlari va issiqxonalar ham e’tiborda. Zararli organizmlar mavjudligi shubhaga olingan o‘simliklardan namunalar olinib sayyor laboratoriyalarda tekshirilmoqda.

Qayd etish kerakki, dunyo bo‘ylab 335 dan ortiq karantindagi zararli organizmlar mavjud bo‘lib, ularni yurtimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish dolzarb. Bunda esa sayyor laboratoriyalar faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘chma laboratoriya ko‘magida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan Koreya madaniyat markazi hududidagi issiqxonada ham nazorat tadbirlari olib borildi.

Bu issiqxonada bahor mavsumida pomidor va bodring yetishtiriladi. Hozirda esa qulupnay va pomidor parvarishlanmoqda. Bu jarayonda esa karantin inspektorlari muntazam ravishda nazorat tadbirlari olib bormoqda.

Aslida bu kabi nazorat tadbirlari poytaxtimizning barcha tumanlarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga biriktirilgan agronom inspektorlar tomonidan karantin ostidagi mahsulotni saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish, qabul qilish punktlari joylashgan yerlarni va ularga tutash hududlarni, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, o‘rmon fondining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlarini o‘simliklar karantini ob’ektlarida karantin nazorati o‘tkazilishi muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Aholi xonadonlari va mahallalarda ham ayni kunlarda atrof-muhit fitosanitar holatini yaxshilash, ekinlarda zararkunandalarni aniqlash borasida qator ishlar olib borilmokda. Sergeli tumanidagi «Aloqachi agro» MCHJda ham issiqxona mavjud bo‘lib, parvarish qilinayotgan pomidorlar ko‘zdan kechirildi va ishchi xodimlarga fitosanitar toza mahsulot yetishtirish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Qisqacha aytganda yashil makon umummilliy loyihasi doirasida yurtimiz bo‘ylab ekilayotgan manzarali va mevali ko‘chatlar, yashil maydonlar va daraxtlarning parvarishi jarayonida ularning fitosanitar holatini ta’minlanishi, zararli organizmlardan xoli bo‘lishi muhim sanaladi.

Bu jarayonda esa O‘simliklar karantini va himoyasi sohasi xodimlarning tajribasiga tayaniladi. Bu kabi chora- tadbirlar nafaqat atrof - muhit musaffoligini ta’minlashga, qolaversa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti borasida xorijiy kompaniya va korporatsiyalar bilan tashqi savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Z.Mirzaboyeva, O‘zA