Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har bir gektar maydonga bir million so‘mdan subsidiya ajratiladi... Ko‘pchilik subsidiyaning qaytarib berilmaydigan mablag‘ ekanini, kreditdan farqini yaxshi biladi. Shuning uchun ham bu xabar tez tarqaldi.
Xabar asosli, faqat unga biroz izoh beramiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-fevralda “Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy ta’sirning oldini olish, qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasini kamaytirish, tuproqdagi gumus miqdorini ko‘paytirish orqali ekinlar hosildorligi va tuproq unumdorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Qarorning dastlabki bandida 2024-2025-yillarda tajriba tariqasida paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni, shu jumladan, tuproqning gumus miqdorini oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun yerdan foydalanuvchilarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har bir gektar maydonga bir million so‘mdan subsidiya ajratilishi qayd etilgan. Bu tartib klasterlarga ham tatbiq etiladi.
Bu pul va hisob-kitobli masala. Subsidiya ajratish jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim sanaladi. Shuni inobatga olgan holda subsidiya ajratish Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan «Agrosubsidiya axborot tizimi» orqali amalga oshirilishi belgilandi.
– Yer egalari yaxshi hosil olish uchun ko‘proq mineral va kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanadi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Oybek Soatov. – Aslida bunday o‘g‘itlar unumdorlikni oshirmaydi, balki o‘simlikka energetik qo‘shimcha vazifasini o‘taydi. Shu jihatdan ham bugungi kunda tuproqning tabiiy unumdorligini oshirish, unda gumus miqdorini ko‘paytirish muhim vazifa sanaladi.
Tuproq tadqiqotlari natijalariga e’tibor qaratsak, ko‘p miqdordagi haydalma tuproq qatlamida gumus miqdori bir foizdan tushib ketgan. Bundan tashqari qirq foizdan ortiq tuproqlarimiz sho‘rlangan. Bu sharoitda Prezident qarorining qabul qilingani muhim ahamiyatga ega. Qaror ijrosi natijasida hosildorlik paxta maydonlarida to‘rt, g‘alla maydonlarida olti sentnergacha oshishi kutilmoqda. Olingan natijalar ajratilgan subsidiyaga nisbatan sezilarli darajada ko‘p bo‘ladi. Bu tajriba dastlab mamlakatimizning o‘n uchta tumanidagi 127 ming gektar maydonidagi paxta dalalarida qo‘llab ko‘riladi. Asosiy samaradorlik aniqlab olinganidan so‘ng boshqa hududlarda ham qo‘llaniladi.
Qarorga ko‘ra, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi 2024-yilda ajratiladi. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish lozim, subsidiyaning bu miqdori ekin ekishdan oldin beriladi.
Qolgan summa mehnat unumdorligiga qarab taqdim etiladi. Yerning unumdorligi, mirishkor mehnati natijasini olingan hosil yaqqol namoyish qiladi. Hujjatda subsidiyaning qolgan 30 foizi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan o‘rtacha 10 foizga oshganligi to‘g‘risidagi xulosasiga asosan 2025-yilda ajratiladi deyilganining mohiyati shunda.
Shuningdek, qaror bilan tuproqshunoslik yo‘nalishidagi faoliyatni yagona tizimda amalga oshirish maqsadida «Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi» davlat unitar korxonasi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tarkibiga o‘tkaziladi.
Bunda ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonini integratsiya qilish maqsadi mavjud. Endi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonimizdan ishlab chiqarilgan qo‘llanma, tavsiya va ishlanmalarni fermerlarga o‘rgatish jarayoni yanada tezlashadi. Tuproq unumdorligini oshirish, bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, ilmiy anjumanlar tashkil etishda ham yangicha yondashuvlar joriy qilinadi.
Xalqimiz azal-azaldan ona zamin bilan tillashib kelgan. Shuning uchun ham yer, hosildorlik haqida ibratli so‘zlarimiz ko‘p. Shu o‘rinda ulardan biri yodga tushdi – yer dehqonning mehrini tuysagina, el dasturxoni to‘ladi. Ko‘klamda dalasida ishi qaynagan mirishkorlarimizga hormang, deymiz.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri