5 dekabr - Xalqaro volontyorlar kuni
Biror kishiga beg‘araz yordam ko‘rsatish nafaqat insoniy fazilat, balki, qaysidir ma’noda, jasoratdir. Quvonarlisi, yer yuzida xayrli ishga bel bog‘lagan insonlar talay. Bundaylarni “volontyor” deyishadi.
1985 yil 17 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 40-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan, 5 dekabr – Xalqaro volontyorlar kuni sifatida e’lon qilingan va ushbu sanani keng nishonlash orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lida ko‘ngilli ravishda ish boshlagan volontyorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, safini kengaytirishga ko‘maklashish maqsad qilingan. O‘shandan beri mazkur bayram rasmiy nomga, xalqaro maqomga ega.

BMT barcha davlatlarga ko‘ngillilarning barcha jabhalarda taraqqiyotga qo‘shayotgan salmoqli hissasi haqida jamiyat bilishi kerakligini mudom eslatadi. Ayni harakatning ahamiyatini qancha ko‘p odam anglab yetsa, shuncha ko‘p ko‘ngilli safga qo‘shilishiga ishonadi.
Butun dunyoda ko‘ngillilar evaziga hech nima so‘ramasdan, jamiyat manfaati yo‘lida mehnat qiladi. Soha alohida bayram bilan ulug‘lanishining yana bir sababi shu. Volontyorlar ozchilik bo‘lib yirik ishlarni beminnat bajarishga rozi: fidoyilarcha ko‘cha tozalaydi, ijtimoiy kampaniya risolasini tarqatadi, yirik sport tadbirlarida tarjimonlik qiladi, kasalxona, qariyalar yoki mehribonlik uyiga yordam beradi. Ayniqsa, tabiiy ofat oqibatini bartaraf etishda ko‘ngillilar o‘rni beqiyos.
Jahon deklaratsiyasida ko‘ngillilar o‘z vaqti, kuchi va iste’dodini jamoaviy, shaxsiy faoliyatga haq to‘lamasdan sarflash huquqiga ega ekani ta’kidlangan.

2019 yil 2 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. Ushbu hujjatning amalda samarali ishlash mexanizmini yanada takomillashtirish, soha va yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘ngilli-volontyor guruhlari tashkil etish, malakasi, salohiyatiga qarab volontyorlarni darajalarga ajratish, ularni rag‘batlantirish muhim.
Qonunga muvofiq, volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxs manfaatini ko‘zlab, bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi.
Hujjatga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan jismoniy shaxs volontyorlik qilishi mumkin. Bu harakat volontyor va faoliyat tashkilotchisi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Agar volontyor oyiga 20 soatdan ko‘proq band bo‘lsa, tashkilotchi va volontyor o‘rtasida shartnoma tuzilishi shart.
Volontyorlik faoliyati tashkilotchisi volontyorga maxsus kiyim-bosh beradi hamda aksiya o‘tkazilayotgan joyga kelib ketishi uchun yo‘l haqi, yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatni qoplaydi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tish joiz, 2020 yilda dunyoning turli mamlakatlarida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, karantin sharoitida keksa yoshdagi, imkoniyati cheklangan va ehtiyojmand kishilarga yordamlashishda volontyorlar beqiyos xizmat ko‘rsatishdi.
Ehtimol, zamonaviy dunyoda fidoyilik harakati kam uchrar, lekin bu xislat insoniyat uchun juda zarur. Shunday ekan, ko‘ngillilarni har tomonlama rag‘batlantiraylik. Qolaversa, har bir inson o‘zi ko‘ngilli ravishda qila olishi mumkin bo‘lgan ish haqida o‘ylab ko‘rishi kerak.
Eslab ko‘ringchi, qachon ko‘ngilli ravishda o‘zgaga yordam ko‘rsatdingiz? Aslida, bu savob amalni har birimiz qilishimiz kerak. Kimgadir beg‘araz yordam ko‘rsatish, mushkul ahvolga tushib qolganni qo‘llab-quvvatlashni hoziroq, eng oson va kichik ishdan boshlash lozim.
Masalan, yo‘lingizda uchragan keksaga yordamlashish, uyiga kuzatib qo‘yish, yolg‘iz yashayotgan qo‘shnining xolidan xabar olish mumkin. Hatto, adashib qolgan uy hayvonini boqish yoki maxsus muassasaga yetkazish ham ko‘ngilli ish. Shunda nafaqat jamiyatga yordamimiz tegadi, balki ulkan savobga ham ega bo‘lamiz.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA