“Bir darcha” – imkoniyatlar markazi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Adliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi” loyihasi bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “bir darcha” markazlari faoliyatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Adliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi” loyihasi bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “bir darcha” markazlari faoliyatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda biznes muhitini yanada yaxshilashda muhim dasturilamal bo‘layotgani ta’kidlandi.
Farmonga muvofiq 2015-yilning 28-sentabrida davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjatga ko‘ra, 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari negizida “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha markazlar tashkil qilinadi. Xizmatlar soni bosqichma-bosqich oshirilishi, jumladan, birinchi bosqichda tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tizimiga tayyor holda ulash, bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish, obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish, qurilish-montaj ishlari, turar joylarni noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish singari 16 davlat xizmatini joriy etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015-yil 28-sentabrdagi qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bilan ushbu markazlar faoliyatini tashkil etish, xizmatlar ko‘rsatish tartiblari to‘g‘risidagi nizomlar, shuningdek, ko‘rsatiladigan davlat xizmatining namunaviy pasporti tasdiqlandi.
“Bir darcha” markazlarida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibining buzilishi mansabdor shaxslarni tegishli tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Anjumanda “bir darcha” markazlari faoliyatining samarali tashkil qilinishiga qaratilgan mazkur sa’y-harakatlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining davlat xizmatlaridan foydalanishini yanada soddalashtirish barobarida davlat tashkilotlarining ochiqligini ta’minlashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Jurnalistlar savollariga mutaxassislar javob qaytardi.