“Yoshlar kuni” munosabati bilan Toshkent viloyatida ham “Rahbar va yoshlar" uchrashuvlari o‘tkazilyapti.
Ochiq va samimiy muloqot ruhidagi suhbatlarda yoshlar o‘zlarini qiynayotgan masalalarni bevosita rahbarlarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Har bir murojaat e’tibor bilan tinglanib, mas’ullar tomonidan aniq tushuntirish va amaliy yo‘nalishlar berildi.

Olmaliq shahridan 6-sinf o‘quvchisi Firdavs Toshboyev shahar hokimi o‘rnida bir daqiqa o‘tirishni so‘radi. Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov unga bu imkoniyatni berdi. Ammo atigi bir necha savol va murojaatlardan so‘ng, u rahbarlik mas’uliyati naqadar og‘ir ekanini his qildi. Firdavsga hokimlik nafaqat minbar, balki katta javobgarlik ekanini anglash uchun bir daqiqa ham yetarli bo‘ldi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Bo‘stonliq tumanidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan bir guruh yosh mahkumlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.

Ular uchun bunday e’tibor va samimiy muloqot katta ma’naviy tayanch bo‘ldi. Hozir koloniyada jazoni o‘tayotgan yoshlar mebelsozlik va turli ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda. Ular yog‘ochga ishlov berish, tayyor mahsulot yasash, maishiy buyumlar ishlab chiqarish kabi amaliy ko‘nikmalarni egallab, kelgusida halol mehnat orqali hayotda o‘z o‘rnini topishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Uchrashuvda viloyat hokimi shu jarayonlar bilan tanishib, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, ozodlikka chiqqanidan so‘ng ish bilan ta’minlanishi masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Muloqot so‘nggida mahkumlar ham faollik ko‘rsatib, o‘zlarining taklif va tashabbuslarini ilgari surishdi. Mazkur takliflar yuzasidan viloyat hokimi tegishli rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.

A. Musayev, O‘zA