Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bir chopon umri...”
11:36 / 2023-05-08

QO‘ZIBOY RAXIMOV – 1926 yil (9-may)da Andijon viloyati , Baliqchi tumani, Cho‘nqayma qishlog‘ida tug‘ilgan. To‘rt nafar – ikki o‘g‘il, ikki qiz farzandning otasi.

1943 yilda ikkinchi jahon urushiga jo‘nagan. Kursk ostonasida bo‘lib o‘tgan janglarda ishtirok etgan. Piyoda qo‘shinlarda pulemyotchi bo‘lib xizmat qilgan. Jang maydonlarida uch marotaba og‘ir yaralangan. III-darajali Shuhrat ordeni, Vatan urushi, Qizil yulduz ordenlari va boshqa ko‘plab medallar nishondori. 

Urushdan qaytgach, o‘rta maktabda boshlang‘ich sinflarga dars bergan. Taqdir taqozosi bilan keyinchalik savdo sohasida ishlagan va hech qachon bu soha xodimlari nomiga dog‘ tushirmagan. Savdo xodimlariga “panja ortidan” qaralgan vaqtlarda o‘z kasbiga halol va vijdonan munosabatda bo‘lgan otamiz “Matlubot va savdo a’lochisi” ko‘krak nishoniga ega bo‘lgan. 

Biz farzandlari, marhum otamiz – Qo‘ziboy Raximovni kamtarin, shirin so‘z, halol va mehribon inson bo‘lganidan faxrlanib yuramiz. 

Ochig‘i, o‘qish bahona ko‘p vaqtim Toshkentda o‘tgan. Men poytaxtda ko‘p narsalarga erishdim. Bugun o‘ylab qarasam, yo‘qtoganlarim qo‘lga kiritganlarimdan kam emasday. Hamqishloqlarim, sinfdoshlarim hali-hali dadamni ko‘p masalalarda (uy-joy qilishda, kasb tanlashda v.h) yaxshi xotiralar bilan eslashadi. Shunda, beixtiyor qalbimning bir chetida armon soya solib turgandek bo‘ladi.

Sinfdosh do‘stlarim: “Abdumannob, dadang juda yaxshi inson edilar. Ko‘cha-ko‘yda bizni uchratib qolsa, seni ko‘rgandek bo‘larmidilar, to‘xtatib, uzoq suhbatlashardi. Erinmasdan, nima ish bilan shug‘ullanayotganimiz, oila tashvishlarimiz, tirikchiligimiz, sog‘ligimiz haqida albatta so‘rardi, deyishadi.

Bir narsa hech yodimdan chiqmaydi. Dadam rahmatli bilan rasmga tushadigan bo‘lsak yoki o‘zi tushgan rasmlarini farzanlariga esdalik uchun berganda, rasm orqasiga doim, “Ko‘rganda eslash uchun emas, balki, eslaganda ko‘rish uchun” deb yozib qo‘yardilar. Bu so‘zlarni eslashdan murod, yoshlarga bir ibrat bo‘lsin deyman. Ko‘pchilik yoshlar vaqt atalmish ne’matning qadriga yetmaydi, hammasi hali oldinda, hamma narsaga ulguraman, degan tushuncha bilan yashaydi...

Men 1986-1991 yillarda ToshDU (hozirgi O‘zMU)tarix fakultetida o‘qiganman. Qishlog‘imga bir oyda bir marotaba borardim. U vaqtlarda dadam pensiyaga chiqqan, uyda Dono buvim (u kishi bizga o‘gay bo‘lsada, lekin biron marotaba o‘gayligini bildirmaganlar), Ismoil akamni katta o‘g‘li bilan birga turishardi. Onamiz Urishova Karomatxon 1978 yilda vafot etganlar, joylari jannatlarda bo‘lsin. 

Har safar borganimda, dadam:

– Toshkentda vaqtingni bekorga o‘tkazma. Astoydil o‘qi! Vaqt juda tez o‘tadi. Insonning umri bitta chopon umriga (gap Andijonda erkaklar kiyadagin qora satin to‘n haqida borayapti) ham yetmaydi. Meni yurishimni ko‘rib, dadam soppa-sog‘, hali uzoq yashaydi deb o‘ylama. Urushda uch marotaba opersiya bo‘lganman. Doktorlar, bitta narkoz odam umrini besh yilga qisqartiradi deb aytishgan. Ularni gapi rost bo‘lsa, mening umrim o‘n besh yilga qisqargan. O‘qishni tamomlab, tezda uyga qaytishing kerak, der edilar.

Dadamning bu gaplariga negadir ko‘p e’tibor qilmaganman. Ancha tetik, uzoq umr ko‘radilar, o‘qishni tamomlab kelgunimcha hammasi yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylardim. O‘qishni tamomlaganimdan so‘ng, taqdir ekan, Toshkentda qolib ishlashimga to‘g‘ri keldi. Keyin, O‘zbekiston Milliy universiteti huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdim. Uni bitirib olgunimcha, dadam yana ozroq vaqt Toshkentda qolishimga ruxsat berdilar. Vaqt shunchalar tez o‘tishini xayolimga keltirmagan ekanman.

2000 yil 12 may kuni dadam (amakim Abudulmuhammad, u kishi menga akamdek edi) aytishi bo‘yicha, kech soat 19.30 lar atrofida) bandalikni bajo keltiradilar. O‘shanda ham men uydan uzoqda – Toshkentda edim. 9 may bayramini dadam bilan birga nishonlab, ish bahonasida ruxsatlarini olib, Toshkentga qaytgan edim. Yaxshiyam, ayolim Zamiraxon va qizim Gavharoyni qishloqda, dadamni oldida qoldirgan ekanman. Hech bo‘lmaganda, shular dadamning so‘nggi nafaslarida yonlarida bo‘lishdi deya o‘zimni ovutaman bugun. 

O‘lim haq. Insonni tug‘ilishi hikmat, o‘lishi qismat. Lekin, o‘shanda dadamni gapiga quloq solib, yana bir kun yonlarida qolganimda u kishini so‘nggi yo‘lga o‘zim kuzatarmidim. 

Nima uchun bularni eslayapman. Dadam rahmatlini bitta qora satin to‘ni (choponi) menda qolgan. Uni ehtiyot qilib, olib qo‘yganman. Dadamni eslasam, o‘sha choponni hidlab-hidlab qo‘yaman. Chopondan dadamning otalik mehri, bolalikdan jismi jonimga singib, tanish bo‘lib ketgan bo‘yi kelayotgandek bo‘ladi. Dadamning umrlari o‘zlari aytgandek, shu choponchalik bo‘lmadi. 

Umr shunchalar tez o‘tdiki, bir vaqtlar Toshkentga kelgan navqiron yigit, bugun o‘tmish xotiralarini yozib o‘tiribman. Demak umr ham, yosh ham o‘tib borayapti. Dastlab, Toshkentga kelganimda o‘zimni, dunyoni o‘zgartirib yuboradigan odamdek, his qilardim. Endi shuni bildimki, dunyoni o‘zgartirish uchun odam, avvalo, o‘zini o‘zgartirishi kerak ekan. Dadam rahmatli, “o‘g‘lim, vaqtingni bekor o‘tkazma, o‘qishga astoydil bo‘lish kerak” deganlarida ehtimol shularni nazarda tutganlar, deb qolaman. Odam, dunyoni o‘zgatirishi uchun chuqur bilimga ega bo‘lishi kerak ekan. Hadisi sharif hukmi bo‘yicha ham “Beshikdan qabrgacha bilim izlash” sunnat – eng maqbul amallardan deyiladiku.

Hozir men urush azoblari va sinovlarida toblangan, o‘zidan yaxshi xotiralar qoldirgan inson, otam haqida yozayotib, men-men deyayotganimda o‘zimni emas, bugungi yoshlarni nazarda tutayapman. 

Agar biz, ayniqsa, yoshlarimiz shu oddiy haqiqatni vaqtida anglab yetsak, o‘zimizni o‘zgartira olamiz. Dunyoni o‘zgartirishga harakat qilish shart emas. Siz o‘zingizni o‘zgartiring, ey, ukalarim, singillarim. Shunda O‘zbekistonni o‘zgarishiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Jonajon vatanimiz - O‘zbekiston o‘zgarsa, demak, dunyoni ham o‘zimiz uchun o‘zgartirishga qodir bo‘lamiz. Tushunayapsizmi?..

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, yoshlarga o‘zlarini o‘zgartishlari uchun yangi – keng imkon paydo bo‘ldi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, hammamiz uchun desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ya’ni, Yangi O‘zbekistonni yangilangan Konstitutsiyasi qabul qilindi. Keling, o‘zimizni o‘zgartirmoqchimizmi, ishni shundan boshlaylik. Aytmoqchimanki, dunyoviy davlatni huquqiy poydevori bo‘lgan Konstitutsiya asosida yashashni, ishlashni, o‘qishni o‘zimiz uchun hayotiy zarurat bilaylik. Zero, “Inson erkin bo‘lishi uchun qonunni quli bo‘lishi kerak” degan falsafiy qarashni hayot tarzimizga aylantiraylik. Kerak bo‘lganda, atrofdagilarimizdan ham buni talab qilaylik. 

Axir, ikki dunyo saodatiga yetish aslida shuning o‘zi emasmi. Ertangi kunimizga, farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Inson umri “bir chopon umri”ga teng bo‘lmas ekan, o‘tkinchi orzu-havaslar nimaga kerak.

O‘tgan ota-onalarimizni oxirotlari obod, yotgan joylari jannatlarda bo‘lsin.

Darvoqe, faylasuflarda bir gap bor, “O‘g‘il shuning uchun o‘g‘ilki, uning otasi bor. Ota shuning uchun otaki, uning o‘g‘li bor, demak otalar o‘lmaydi”.

9-may Xotira va qadrlash kuni barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Abdumannob Raximov,

huquqshunos