Jamiyatning yozilmagan qonuni bor – ko‘pchiligimiz mashhur odamlarga havas qilamiz, ularga taqlid qilamiz.
Bu tabiiy, chunki mashhur kishilar har doim omma ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Mashhurlar noyob iqtidor va mashaqqatli mehnatlari tufayli kishilar e’tiborini qozonadi. Shuning uchun odamlar ularning yurish-turishi, kiyinishi, hayot tarzi, nimalarga e’tibor berishi, nimalarni qadrlashi va hatto nimalar deyishlarigacha, boringki, dilidagi armonlari, orzu, maqsadlarigacha bilishni istaydilar. Bu bejiz emas, albatta.
Biz bugun el suygan insonlardan nimalarni o‘rganyapmiz? Xususan, san’at ahlidan?
Darhaqiqat, san’atkorlarimiz, ya’ni madaniyat va ma’rifat tashuvchi vatandoshlarimiz bugun qay fazilatlari bilan jamiyat, xususan, yoshlarimizga o‘z ta’sirlarini o‘tkazmoqda degan savol paydo bo‘ladi.
Ochiq tan olish lozim, bugun el taniydigan yosh san’atkorlarimizning ayrimlari ibrat bo‘lish o‘rniga, maishiy hayotini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilish bilan ovoralar. Shunday ekan, muxlislar, jumladan, yoshlarimiz ulardan bachkanalikni, yengiltaklikni, soch turmaklashu, antiqa kiyinishni, eng yomoni, madaniyatsizlarcha gapirishni o‘rganishmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ma’lumki, mamlakatimizda ona tilimizga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. O‘zbek tilining yurtimizda va jahon miqyosida nufuzini oshirish bo‘yicha Prezidentimizning bir necha farmon va qarorlari e’lon qilindi. Davlat tilini rivojlantirish Departamenti tashkil etilib, butun Respublika miqyosida davlat tilida ish yuritish, milliy tilning mavqeini yanada ko‘tarish ishlari jonlanib ketdi. Departament har bir sohaga tegishli vazirlik, tashkilot va qo‘mitalarga biriktirilgan rahbarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchilari orqali mamlakatda o‘zbek tilida ish yuritishni keng ko‘lamda yo‘lga qo‘ymoqda. Biroq mazkur jarayonda faqat mutasaddilarning faoliyati kamlik qiladi.
Atoqli shoirimiz Erkin Vohidov o‘zining “So‘z latofati” asarida: “Ona tili umummillat mulkidir. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir” degan edi.
Til – millatning muhim belgilaridan biri. Uni e’zozlash shart va lozim. Ayniqsa, televideniye, kino va teatr san’ati bu borada ko‘zgu bo‘lishi kerak. San’atkorlar, qo‘shiqchilar, qiziqchilar, “QVZ”chilar hamma-hammasi shu tilning ortidan obro‘, shon-shuhrat topmoqda. Ammo tilni ulug‘layotganlar bilan bir qatorda uni shunchaki bir vositaga aylantirib qo‘yayotganlar ham, afsuski, bor. Mazkur soha vakillari adabiy tildan boshqa tilda (sheva va lahjalarda, rus, ingliz tilida aralash) xalqning oldiga chiqishga haqlari bormikan? Ularning bunday yo‘l tutishlari ona tiliga hurmatsizlik emasmi? San’atkorlar, aslida butun xalqni, muxlislarini o‘zbek tilini asrashga, til sofligiga erishishga da’vat qilishlari va bunga avvalo o‘zlari amal qilishlari lozim. Teatrlarimiz faoliyatini bu borada qoniqarli deyish mumkin, ammo kino sanoati vakillari o‘zbek tilining nufuzi haqida o‘ylab ham ko‘rishayotgani yo‘qday. O‘zbekkino milliy agentligi tasvirga olayogan filmlarda qahramonlar nutqiga biroz e’tibor beriladi. Xususiy kinolar, telekanallar buyurtmasi bilan suratga olinayotgan kinoseriallar mutloqo adabiy til me’yorlariga javob bermaydi. Kino til imkoniyatlaridan to‘la foydalanmoqda, biroq o‘zbek tili o‘zining davlat tili, adabiy til sifatidagi qadr-qimmatini tiklab olish uchun kinodan qachon foydalanadi?!
Shu o‘rinda o‘zbek adabiy tilining mamlakat miqyosida yoyilishida katta hissa qo‘shgan “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston” “Ma’naviyat va ma’rifat” kabi telekanallarda axborot-informatsion dasturlarini olib borayotgan barcha boshlovchilarning, ayniqsa, dublyaj (ovozlashtirish) ustalari, xususan, Sanjar Sa’dullayev, Zulxumor Mo‘minova, Shuhrat Qayumov (marhum), Afzal Rafiqov, Hoshim Arslonov (marhum), Dildora Rustamovalarning mehnatini e’tirof etish lozim. Talaffuz masalasida bu ijodkorlar namuna darajasidadir. Adabiy til millatni birlashtiradi, shuning uchun imkon qadar jamiyatning ziyoli qatlami adabiy tilda gaplasha olish malakasiga ega bo‘lishlari kerak. El sevgan san’atkorning (xoh yosh, xoh katta bo‘lsin) ijodini yoqtirib muxlis bo‘lasiz, hurmatingiz oshadi, biroq uchrashuvlarda, oynai jahonda suhbat uyushtirilganda ularning sheva va boshqa tillar aralashgan nutqidan hafsalangiz pir bo‘ladi. Agar san’atkor uchun shu xalqning zarracha hurmati bo‘lsa, o‘z nutqi ustida ishlashi, adabiy tilda muloqot qila olishi kerak.
Maqolani yozishimga turtki bo‘lgan kino va teatr aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyevdir. Yaqinda muborak 80 yoshni qarshilabdilar. Televidaniyeda u kishi bilan uchrashuv, suhbat tashkil qilingan ekan. Bir muxlis sifatida aktyor o‘ynagan rollarni bolalagimdan tomosha qilib kelaman. Xayrullo akani xoh hajviy, xoh jiddiy bo‘lsin, har qanday rolni maromiga yetkazib o‘ynay oladigan sanoqli aktyorlardan biri deb hisoblayman.
Men u kishining alohida bir xislatlari haqida to‘xtalmoqchiman. E’tiborimni tortgan jihati, ustoz san’atkor suhbat davomida faqat adabiy til doirasida muloqot qildilar. Mutaxassis bo‘lganim uchun har doim el tanigan insonlarning shu jihatiga jiddiy e’tibor qilaman. Aktyorga bo‘lgan hurmatim shunday ham oshib turganda, san’atkor o‘zi uchun qadrli bo‘lgan narsalar haqida so‘z ochib qoldi. “Ona vatan”, “Ona tili” haqida. Qoyil qoldim. Xayrullo aka milliy tilning qadr-qimmati, ahamiyati haqida, tilga munosabat haqida gapirib o‘z oilasida farzandlari va nabiralarigacha ona tiliga e’tiborli bo‘lish kerakligi bot-bot uqtirilishini, uni e’zozlash muhim ekanligiga urg‘u berdi.
San’atkorlar orasida shunday yurtsevar, tilsevarlar bor ekan, o‘zbek tili o‘lmaydi. El sevgan insonlarning xalq oldiga chiqib, ularni ona tilimizni e’zozlashga, tilni sevishga da’vat qilishi muhimdir. Iste’dodli, el ardog‘idagi insonlarning bu kabi chiqishlari boshqalarga namuna. Toki har birimiz ona tilini, adabiy tilni targ‘ib qilmas ekanmiz, haqiqiy ziyoli bo‘la olmaymiz.
G‘ofir Hamroyev,
“O‘zbekkino” MA Bosh direktori maslahatchisi