Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir asrlik tarix muhrlangan fotoko‘rgazma (+video)
17:51 / 2024-08-28

Har bir davrning o‘z qahramonlari, qurilgan imoratlari, odamlari, tarixiy muhiti bo‘ladi. XX asr O‘zbekistonning shonli tarixida voqelarga boy bo‘ldi. Uni ichida eng muhim voqea - bu albatta qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligidir. Istiqlol uchun kurashgan, O‘zbekistonni bugungi kun darajasiga yetkazgan mehnatkash xalqimiz, olimu-fuzalolarimiz, davlat arboblari – shonli tariximizning qahramonlari va ularning nomi abadiy.

Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami oldidan, Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamkorlikda Toshkent Fotosuratlar uyida sana munosabati bilan ko‘rgazma tashkil etdi. E’tiborli tomoni unda hali keng jamoatchilikka taqdim etilmagan, milliy arxivda saqlanayotgan bir asrlik noyob fotosuratlar, 200dan ortiq tarixiy hujjatlar namoyish qilindi. Masalan, 1918 yilda mustaqillik uchun kurashgan ajdodlarimiz fotosuratlari, Toshkent qo‘zg‘oloni, buzilgan qal’alar, mardlik va kuchli vatanparvarlik namunasini ko‘rsatgan insonlar, xon va saroy amaldorlari, Sho‘ro hukumati vakillari. Xullas, har bir rasm tarixga muhrlangan noyob asar, chuqur ma’noga ega va albatta insonni mulohazaga chorlaydi. 

Ushbu fotosuratlarni aslida tarixiy kitoblarda ham ko‘rganmiz, lekin ular biroz xiraroq, sifati pastroq edi. Endi esa fotoko‘rgazma orqali ularning asl nusxasini, asl nusxada ko‘rish insonga o‘zgacha bir zavq beradi. 

Ochilish marosimida aytib o‘tilganidek, mustaqillikka erishish oson kechmagan, millatimiz ziyolilari boshidan kechirgan murakkab sinovlar, yo‘qotishlar va katta qurbonlar evaziga bugungi farovon kunlarga yetib kelingan. So‘zga chiqqan davlat arboblari, mustaqilligimizga o‘z mehnati bilan katta hissa qo‘shgan insonlar o‘tgan shonli tariximiz, bugunimiz va yorqin kelajagimiz haqida jo‘shib gapirdilar va istiqlolning ilk kunlarini yodga oldilar. 

“Bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur fotoko‘rgazma xafta davomida san’at ixlosmandlariga namoyish etiladi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3M6feMWgTMQ" title="Bir asrlik tarix muhrlangan fotokoʻrgazma" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA