Kishi ulg‘aygan sari o‘zi uchun yangidan-yangi haqiqatlar, iqrorlar kashf etib yashaydi. U haqiqatlar kitoblar yoki xatolar orqali tushunib yetilishi tabiiy hol.
Hayotning mohiyatini chuqur anglagan donishmand kishilar borki, ularning qoldirgan ma’naviy meroslari biz uchun tom ma’noda ezgulik yo‘lidagi xarita vazifasini o‘taydi. Ana shunday nodir asarlardan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidir.
Kitobning nomiyoq, kishini mushohadaga chorlaydi. Bunda umr daftarga, yashalgan fursatlar esa sahifalarga qiyoslanadi. Bu sahifalar orzu-armonlar, quvonch-u iztiroblar bilan to‘lib boradi. Biroq anglangan haqiqatlar, hayot hikmatlari daftar sahifasining bir chetiga qayd qilib boriladi. Ehtimol, shuning uchun ham yozuvchi aynan bitiklarni daftar hoshiyasiga bitilganiga ishora bergan.
Asarni mutolaa qilar ekansiz, unda tobora siz javobini qidirib yurgan savollarga ko‘ngildagidek javoblar borligiga amin bo‘lasiz. Ba’zi bitiklardan taskin topsangiz, ba’zilaridan sarosimaga tushasiz. Hayrat ham sizni tez-tez bezovta qilib turadi. Asardagi munojot sarlavhasi ostida bitilgan bitikka bir e’tibor bering:
“Xudodan: “baxt ber”, deb so‘raganlarni ko‘rdim, “farzand ber” , deb so‘raganlarni ko‘rdim, “davlat-u omad ber” , deb so‘raganlarni ko‘rdim faqat Xudodan: “ey Yaratgan egam, men nodon bandangga bir chimdim aql ber”, deb so‘ragan bandasini ko‘rmadim”.
Ba’zida haqiqatlar og‘riqli bo‘ladi. Ko‘tarilgan ushbu masala ham bizning ana shunday nuqtalarimizdan. Negaki, inson tabiatida muvaffaqiyatga tezgina erishib qolish xohishi mustahkam o‘rnashgan. Uning yo‘lidagi mashaqqatlar, muvaffaqiyatga xos saviyaning o‘zida mujassam bo‘lishi lozimligini kamdan-kam kishilargina tafakkur qiladi.
Ta’kidlash joizki, o‘z haqiqatlari-yu maqsadlarini turmushning serg‘alva damlaridan ustun qo‘yadiganlargina dunyoni anglagan kishilar sanaladi. Shu ma’noda yozuvchi o‘z o‘kinchini shunday tasvirlaydi: “daraxtning meva tugishga shay turgan qanchadan-qancha gullarini bemavrid shamollar uchirib ketgani singari umrimning qanchadan-qancha onlari hasadgo‘y va munofiqlar yetkazgan jarohatlardan og‘rinish-u, turmushning ikir-chikirlarini o‘ylash bilan besamar o‘tayotganiga o‘kinaman.”
Demak, hayot faqat moddiyatni yaxshilash-u, uy-joy, mashinadan iborat emas, insonning o‘z qadriyatlariga ega bo‘lmog‘i shart ekan.
Aytib o‘tish lozimki, mazkur durdona asar muallifning 40 yillik ijodiy mahsulidir. Shuning uchun ham u badiiy-g‘oyaviy jihatdan ham mukammal asarlar sarasiga kiradi.
Xulosa qilib aytganda, kitob kishini kamolotga eltuvchi eng mustahkam ko‘prikdir. Ammo yaxshi kitob mutolaasi esa ikki karra saviya degani. Ushbu asar ham o‘zbek adabiyotining eng nodir asarlaridandir. Uni o‘qigan kishining tafakkuri yanada kengayishi, ma’naviyati yanada yuksalishiga hech shubha yo‘q.
Sherbek Islomov, O‘zA