Yurtimizda kartoshka juda sevib iste’mol qilinadi.
Shu bois, u keng turda ekiladi. Uning ekilishida ham o‘ziga xosliklar, murakkabliklar, e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan jihatlar mavjud. Umuman, olimlarimiz qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratishga oid amaliy ishlarni olib borayotgani ham kishini quvontiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi direktori o‘rinbosari Zabardast Bo‘riyev kartoshkaning serhosil va ertapishar biotexnologik navlarini yaratish borasidagi ishlar xususida so‘zlab berdi.
– Kartoshka eng ustuvor qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bo‘lib, u mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir, – deydi Zabardast Bo‘riyev. – Respublikamizda qishloq xo‘jalik ekinlarining mukammallashtirilgan navlarini yaratish doim e’tiborda. Jumladan, kartoshkaning hosildorlik, ertapisharlik kabi xususiyatlari yaxshilangan navlarini yaratishda zamonaviy biotexnologiya, genomika va gen muhandisligi usullaridan foydalanish muhim vazifalardan biri.
Kartoshkachilikni muvaffaqiyatli rivojlantirishning amaliy masalalari va vazifalarini hal etishda RNK interferensiya usulidan foydalanish orqali erta gullaydigan, ildiz tizimi rivojlangan va hosildorlik ko‘rsatkichlari yaxshilangan biotexnologik kartoshka navi yaratildi.
Hozirgi kunda biz RNK interferensiya usulida olingan yangi biotexnologik kartoshka navini mikrotuganaklarini issiqxona va dala sharoitida tuproqqa moslashtirish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshiryapmiz. Tajriba natijalariga ko‘ra, birinchi g‘unchalar gen-nokaut kartoshka navlarida paydo bo‘ldi va nazorat navlarga nisbatan 15 kun oldin gullashi kuzatildi. Hosildorlik ko‘rsatkichlari gen-nokaut kartoshka liniyalarida nazoratga nisbatan 26,6 foiz yuqori bo‘ldi va tuganaklar yirikligi, soni, ildiz sistemasi yaxshi rivojlanganligi bilan ham farq qildi.
Genomika va bioinformatika markazi tomonidan yaratilgan gen-nokaut texnologiyasi yordamida agronomik xususiyatlari yaxshilangan kartoshkaning yangi biotexnologik naviga mualliflik huquqini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligida NAP81929 raqamli talabnoma qayd etildi. Yangi yaratilgan kartoshka navi yuzasidan Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga hujjatlar taqdim qilindi.
Barno Meliqulova yozib oldi, O‘zA