Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida ekologik toza va samarali yechimlarni qishloq xo‘jaligiga joriy etish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
O‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limi tomonidan “Zafar” fermer xo‘jaligi dalasida “Fermer xo‘jaliklariga dala maydonlarida biomahsulot bilan to‘g‘ri ishlash va uning afzalliklari” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda tumandagi fermer xo‘jaliklarining rahbarlari, agrotexniklar, biolaboratoriya xodimlari va mutaxassislar ishtirok etib, biomahsulotlardan samarali foydalanish usullari, ularning hosildorlik va mahsulot sifatiga ta’siri haqida o‘zaro fikr almashishdi.

Bugungi kunda tumanda faoliyat yuritayotgan 7 ta biolaboratoriya 12 ming 800 gektardagi g‘o‘za parvarishi uchun ekologik toza, inson salomatligi uchun xavfsiz biomahsulotlarni yetkazib bermoqda. Bu esa nafaqat hosildorlikni oshirish, balki yerning tabiiy unumdorligini saqlab qolishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Do‘stlik tumanida biomahsulotlardan foydalanish bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan bunday seminarlar fermerlarning bilim va salohiyatini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida yuksak samaradorlikka erishishga zamin yaratadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri