Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biologiya sohasida ilmiy maktab yaratgan taniqli olim faoliyatiga bag‘ishlangan konferensiya
16:31 / 2025-09-09

Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim tarbiyadir, deya qayd etgan edi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Darhaqiqat, yurtimizda hayotini ilmga, uni targ‘ib qilish va rivojlantirishga bag‘ishlagan olimlarimiz ko‘p. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, biologiya sohasida ilmiy maktab yaratgan, davlat arbobi, taniqli olim Tohir Aripov ana shunday ilm fidoyisi sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida 9 sentyabr kuni akademik Tohir Aripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Bioorganik kimyo rivojining dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

[gallery-25225]

Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, biofizika yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ixtirolar, ilg‘or innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qo‘shgan katta hissasi, ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan bu yil akademik Tohir Aripovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berildi.  

Tadbirda olim bilan bir safda faoliyat yuritgan fan va davlat arboblari hamda shogirdlari ishtirok etib, akademik Tohir Aripovning jamiyat va aholi farovonligi yo‘lida olib borgan samarali izlanishlarini e’tirof etishdi.

Olimning ilmiy faoliyatidagi alohida diqqatga sazovor jihat, bu uning fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirishga bo‘lgan intilishidir. Uning rahbarligida shogirdlari va hamkasblari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy ishlanmalar bir qator yangi fundamental va amaliy tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Bu loyihalar doirasida istiqbolli dori vositalari yaratildi va faol ikkilamchi metabolitlar to‘planishini oshiruvchi zamonaviy biotexnologik yondashuvlar ishlab chiqildi. Bunday tizimli yondashuv nafaqat fundamental fanni rivojlantiradi, balki olingan natijalarning amaliy ahamiyatini ham ta’minlaydi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov akademik olim Tohir Aripovning jamiyat va davlat taraqqiyoti yo‘lida olib borgan ilmiy salohiyati nafaqat yurtimizda, balki dunyo ilmiy izlanishlarida ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Tohir Aripov rahbarligidagi Fizik-kimyoviy tadqiqotlar usullari laboratoriyasida ishlab chiqilgan metodik yondashuvlar tabiiy dori vositalarining antioksidant, o‘smaga qarshi, gepatoprotektor, antiallergik, antimutagen, yallig‘lanishga qarshi, virusga qarshi, jumladan, OITSga qarshi ta’sir mexanizmlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ampq76ANrpI?si=4RP9FgruNdwv5Jrb" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Abdulaziz RUSTAMOV,

Asliddin ALIJONOV (surat),

O‘zA