Dehqon uchun dam olish fasli degan tushuncha yo‘q.
Qish – tabiat biroz sukutga cho‘madigan palla bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligi ahli uchun eng mas’uliyatli davr hisoblanadi. Chunki erta bahorda yerga qadab qo‘yiladigan urug‘, yozda mehnat bilan parvarish qilinadigan nihol va kuzda yig‘ib olinadigan hosil taqdiri aynan shu qish kunlarida belgilab olinadi. Tayyorgarlik qanchalik puxta bo‘lsa, samara ham shunchalik barakali bo‘ladi.

Bugun qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish bilan bir qatorda ekinlarni zararkunandalardan himoya qilishda ekologik xavfsiz usullarni joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, kimyoviy vositalardan foydalanishni qisqartirish, atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’sirlarning oldini olish masalasida biologik himoya vositalarining o‘rni beqiyos.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida biolaboratoriyalarni mavsumga tayyorlash, onalik mahsulotlarni ko‘paytirish hamda ular faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbirda soha mutaxassislari, agronomlar va biolaboratoriya xodimlari ishtirok etib, tajriba va bilimlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Seminar davomida ekinlarni zararkunandalardan himoya qilishda muhim o‘rin tutadigan foydali hasharotlar – yentomofaglarni sun’iy ravishda ko‘paytirish texnologiyalari, ularni saqlash va dala sharoitida samarali qo‘llash usullari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Mutaxassislar tomonidan biologik himoya usullarining afzalliklari, ularning uzoq muddatli samarasi atroflicha tushuntirildi.
Seminarda ta’kidlanganidek, biologik himoya vositalari zararkunandalarga qarshi kurashishda samarali bo‘lish bilan birga, inson salomatligi va tabiat uchun mutlaqo xavfsizligi bilan ham ustunlikka ega. Bu esa ekologik toza, raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga xizmat qiladi.

– Biolaboratoriyalar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi, – deydi Jizzax viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassisi Zarif Mamasiddiqov. – Biologik himoya vositalaridan keng foydalanish orqali hosil sifatini yaxshilash, kimyoviy dorilar sarfini kamaytirish va ekologik toza mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa nafaqat ichki bozor, balki eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA