Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bioasosli grafen – suv, havo va inson salomatligi uchun innovatsion yechim
15:01 / 2026-01-12

Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri ekologik barqarorlikning buzilishi hisoblanadi. Ichimlik suvlarining ifloslanishi, havodagi zaharli gazlar miqdorining ortishi, sanoat chiqindilari tabiat hamda inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Ushbu global muammolarni bartaraf etishda fan va texnologiyalarning roli beqiyos. Aynan shunday sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan yaratilgan biologik asosda olingan ko‘p qatlamli grafen ekologiya va tibbiyot sohalari uchun muhim ilmiy yutuq sifatida e’tirof etilmoqda.

So‘nggi yillarda grafen, uglerod nanotrubkalari, fullerenlar va grafen oksidi kabi uglerod asosidagi materiallar ilm-fan markazida bo‘lib kelmoqda. Biroq, ushbu materiallarning aksariyati kimyoviy sintez jarayonida zaharli reagentlar ishtirokida olinadi. Bu holat ularni, ayniqsa tibbiyot va ekologiya sohalarida qo‘llashni keskin cheklaydi.

Shu nuqtai nazardan, Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bioasosli ko‘p qatlamli grafen tubdan yangi yondashuv mahsuli hisoblanadi. Yangi yaratilgan ko‘p qatlamli grafenning asosiy ustunligi uning inson organizmi uchun mutlaqo zararsizligidir. Olib borilgan keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar ushbu materialning yuqori darajadagi biomosligini tasdiqladi. Ayniqsa, klinik kuzatuvlarda diabet kasalligi tufayli uzoq vaqt bitmaydigan yaralarning tez tuzalishi qayd etilgani mazkur materialning tibbiyot uchun naqadar istiqbolli ekanini ko‘rsatadi. Shu bois, ko‘p qatlamli grafen yangi avlod biomos nanomateriali sifatida baholanmoqda.
          Mazkur ilmiy ishlanmaning amaliy natijalaridan yana biri – WATER-TOL nomli filtr-press qurilmasining laboratoriya namunasi yaratilgani. Ushbu qurilma ko‘p qatlamli grafen asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ichimlik suvlarini tozalash, sanoat chiqindi suvlarini zararsizlantirish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yaratilgan bioasosli ko‘p qatlamli grafen nafaqat ilmiy yutuq, balki ekologik va tibbiy muammolarga kompleks javobdir. Uning biomosligi, xavfsizligi va ko‘p funksiyaliligi XXI asrning eng istiqbolli innovatsion materiallaridan biri sifatida e’tirof etilishiga to‘liq asos beradi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA