AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov shaharsozlik norma va qoidalariga tatbiq etilayotgan yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida 1 xonadonga 1 ta avtoturargoh o‘rni, boshqa viloyatlarda esa 2 xonadonga 1 ta avtoturargoh bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Maktab va bog‘chalarda 25 nafar bolaga 1 ta, oliy ta’lim muassasalarida 4 nafar talabaga 1 ta, shifoxona va poliklinikalarda 5 nafar qatnovchiga 1 ta, ma’muriy ofis, tashkilot va xo‘jalik muassasalari binolarining 10 metr kvadrat qismiga 1 ta, masjidlarda 10 nafar tashrif buyuruvchi uchun 1 ta, bozorlardagi har ikkita savdo joyiga bittadan, mehmonxonalardagi har 5 ta o‘ringa 1 tadan avtoturargoh bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yilyapti.
Shuningdek, ta’mirlash-qurilish ishlari xavfli tabiiy jarayonlar va hodisalarning paydo bo‘lishiga yoki kuchayishiga olib kelmasligi hamda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga ta’sir qilmasligi, shuningdek, atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik olamiga zarar yetkazmasligi shartligi ko‘rsatilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA