Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BIMT bosh assambleyasi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
16:05 / 2025-07-10

Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ga a’zo davlatlar Bosh assambleyasi yig‘ilishining 66-sessiyasida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov Shveysariyaning Jeneva shahriga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Tashrif doirasida adliya vaziri Akbar Tashqulov Vengriya Intellektual mulk idorasi (HIPO) prezidenti Farkash Sabolch bilan uchrashdi. Unda intellektual mulk sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

HIPO – Vengriyada intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha mas’ul markaziy davlat organi hisoblanadi. U 1896 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Madaniyat va innovatsiyalar vazirligiga bo‘ysunadi. HIPO patentlar, tovar belgilari, dizaynlar va mualliflik huquqi kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.

Anglashuv memorandumi doirasida intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish, axborot va tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, shuningdek, jamoatchilik o‘rtasida intellektual mulk haqida xabardorlikni oshirish, intellektual mulk infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Jenevaga tashrif doirasida A.Toshqulov BIMTning O‘tish davridagi va rivojlangan davlatlar bo‘limi direktori A.Habip bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda intellektual mulk sohasidagi istiqbolli loyihalar, xususan, 2027 - 2030 yillarga mo‘ljallangan Intellektual mulk milliy strategiyasini ishlab chiqish, geografik ko‘rsatkichlarni xalqaro miqyosda tan olish, milliy mutaxassislarning malakasini oshirish va BIMT faoliyatiga mahalliy ekspertlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qozog‘iston adliya vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida amaldagi hamkorlik hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi va qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

N.Abduraimova,

O‘zA