Har bir sport turining o‘z ixlosmandlari, qiziquvchilari bo‘lganidek yurtimizda bilyard o‘yinining ham ko‘plab ishqibozlari bor. Sababi bu o‘yin jismoniy harakat bilan aql mashqini birlashtirib, aniqlik va tez xulosa qabul qilishni talab etadi. U insonni mushohada yuritishga, harakatlar nuqtasini to‘g‘ri belgilashga, idrokini jamlashga o‘rgatadi.
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston bilyard sporti federatsiyasining 5 yillik faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan yubiley kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiya Prezidentining 2019 yildan buyon bilyard sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlariga oid hisoboti tinglandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Kongress a’zolarining ovoz berishi orqali federatsiyaning UBSF Prezidenti lavozimiga O‘tkir Talipovich Kamilov yana 5 yil muddatga saylandi.
Kongress doirasida Federatsiyaning yangi tuzilmasi tasdiqlandi va qator lavozim tayinlovlari amalga oshirildi. Shuningdek, UBSFning faol a’zolari mukofotlar bilan taqdirlandi.
Albatta bunday e’tibor izsiz ketmaydi. Keyingi yillarda respublikamizning barcha hududlarida ushbu sport turi asta-sekin ommalashib bormoqda. Shunga yarasha natijalar ham ko‘zga ko‘rinib qoldi. O‘tgan yillar davomida yurtimiz bilyardchilari bir qator xalqaro musobaqalarda ishtirok etdi va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Sir emaski, bilyard o‘ynash ko‘plab yoshlarimizning sevimli hobbilaridan biri hisoblanadi. Federatsiyaning sa’yi-harakatlari bilan endilikda yoshlarimiz bu qiziqishlarini sportchi maqomida davom ettiradi va o‘z navbatida yurtimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qiladilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/2TkjzyG8aOo?si=LAVHon2tPhwL0WnT" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov
Yoqubjon Meliboyev
Iskandar Ismatov, O‘zA