Poytaxtimizda dinamik bilyard bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati yurtimizdagi eng mahoratlilarni jamlagani bilan e’tiborli bo‘ldi.
Uch kun davomida shiddatli kurashlarga boy o‘tgan chempionat davomida saralash musobaqalarida muvaffaqiyatga erishgan bilyardchilar g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Musobaqa kelgusi yili Toshkentda o‘tadigan jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘tagani sababli ishtirokchilarda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otdi.
Sharni bilyard turiga yo‘naltirishdagi aniqlikni belgilay olish barobarida texnik-taktik imkoniyatlarini namoyish etgan eng mahoratli bilyardchilar sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.

Saralashda o‘z iqtidorini namoyish etgan va hal qiluvchi bahslarda iroda ko‘rsatgan Maruf Yo‘ldoshev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Azizjon Rustamov 2-o‘rinni, Aziz Bozorboyev va Sobirjon Karimov 3-o‘rinni egalladi.
Ayollar musobaqasida Nargiz Tosheva mamlakat chempionligini qo‘lga kiritish bilan bir qatorda, kelgusi yili Toshkentda o‘tishi kutilayotgan jahon chempionatida vatanimiz sharafini himoya qilish huquqiga ega chiqdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston Bilyard federatsiyasi raisi O‘tkir Komilov ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatda sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar O‘zbekiston terma jamoasi safidan joy oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA