Shu kunlarda poytaxtimizdagi “STAR SNOOKER” bilyard klubida “MDH-2025 kubogi” reyting turniri bo‘lib o‘tmoqda.
MDH davlatlarining 121 nafar bilyard sport ustalari qatorida jahon chempionlari, xalqaro turnirlarning g‘olib va sovrindorlari ishtirok etayotgan musobaqalarning ortda qolgan bahslari sarhisobiga ko‘ra, saralash bahslarida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari muvaffaqiyatga erishdi.

Kecha o‘tgan ikkinchi kungi musobaqalarda mahorat va aniqlik borasida o‘z iqtidorini namoyish etgan hamyurtlarimiz Aziz Madaminov, Jamoliddin Qo‘chqorov, Zuhriddin Hoshimov, qozog‘istonlik Akjoltoy Turganbayev, qirg‘izistonlik Izat Ratbekov kabi bilyardchilar chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

– Turnirda O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilyardchilari jahon chempionatlari va nufuzli turnirlarda qatnashish uchun o‘z reyting ballarini mustahkamlash yo‘lida kurash olib bormoqda.

Ular orasida jahon chempionlari, nufuzli turnirlarning g‘olib va sovrindorlari bor. Bahslarni Xalqaro bilyard federatsiyasi ekspertlari kuzatib bormoqda, – deydi O‘zbekiston bilyard federatsiyasi raisi O‘tkir Komilov.
Mukofot jamg‘armasi 100 million so‘mdan iborat turnirning g‘olib va sovrindorlari 10 sentyabr kuni aniqlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA