-Bugun ilmiy faoliyat uchun barcha eshiklar ochiq. Tadqiqotchilar uchun ko‘pgina qog‘ozbozlik ishlariga barham berilgan. 1998 yilda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Tijorat banklarining kredit siyosatini modernizatsiya qilish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyamni himoya qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelganman.
Avvalo mavzuni tasdiqlashda, “iqtisodiyotni modernizatsiya qilish” degan jumlaning to‘g‘ri ishlatilganligini shubha ostiga olishgan. Ilmiy rahbarim bilan to‘g‘ri, bu hozir u qadar muhim ahamiyatga ega emas, lekin kelgusi asrning asosiy aktual mavzusiga aylanadi, deb ishontira olmaganmiz. Qo‘shni mamlakatga borib, taniqli davlat arbobining mazkur yo‘nalishdagi asarini olib kelib, mas’ullarga ko‘rsatganimdan keyingina, tasdiqlashgan. Ilmiy adabiyotlarning kamligi, internetning rivojlanmaganligi va yana boshqa omillar sabab nomzodlik dissertatsiyamni yoqlashga 10 yil, doktorlik himoyasi uchun 7 yil sarflaganman. Hozirgi sharoitda bu muddatlarni bir necha barobar qisqartirish mumkin.

Ushbu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti direktorining o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor D.Po‘latov tomonidan “Ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy bog‘liqligi: tadqiqot bosqichlari va yo‘nalishlari” mavzusidagi seminar-treningda aytib o‘tildi.
Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi tomonidan tashkil qilingan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Bosh ilmiy kotibi, t.f.d., prof. A.Shermuxamedov, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy va innovatsion loyihalarni shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i, i.f.d. Sh.I.Otajonov, Innovatsion rivojlanish vazirligi Inson kapitalini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi B.G‘.Pirmatovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi direktori I.Hamidova tomonidan ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida ham “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da tizimda faoliyat olib borayotgan iqtidorli yoshlarni va bilimli mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ilm-fanga keng jalb qilish va ilmiy salohiyatni oshirish borasida qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Hozirda vazirlik markaziy apparatida 15 nafar turli ilmiy darajaga ega bo‘lgan xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ularning 2 nafari fan doktorlari.

Moliya vazirligi markaziy apparati va hududiy moliya organlari video aloqa tarzda ishtirok etgan tadbirda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish uchun dissertatsiya mavzularini tanlash va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, dissertatsiya ishlariga qo‘yiladigan talablar, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish uchun talabgorlarga qo‘yiladigan talablar, shuningdek ilmiy-amaliy loyihalarni tayyorlash, loyihalar tanlovida ishtirok etish, loyihalarni rasmiylashtirish va taqdim etish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida, ishtirokchilar seminar ko‘tarinki ruhda qiziqarli o‘tganligini va bunday tadbirlar Moliya vazirligida inson resurslarini rivojlantirishga, tizim xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirishga, ayniqsa yosh mutaxassislar orasida ilmiy faoliyatga qiziqish uyg‘otishga va kelgusida vazirlik tizimida ilmiy darajali kadrlar safini kengaytirishga xizmat qilishini aytib o‘tishdi.
