Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilimli yoshlar – mamlakat kelajagi
18:38 / 2016-01-21

Farrux Lutfullayev o‘tgan yili Armaniston poytaxti Yerevan shahrida tashkil etilgan 49-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritib, tabiiy fanlar yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtiga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi.

Farrux Lutfullayev Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litseyda o‘qiydi. U o‘tgan yili Armaniston poytaxti Yerevan shahrida tashkil etilgan 49-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritib, tabiiy fanlar yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtiga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi.

– Kimyo fani mo‘jizalarga boy, – deydi Farrux. – Maktabda biologiya va kimyo faniga alohida mehr qo‘yib o‘rganganman. Litseyga o‘qishga kirganimdan so‘ng bu yerdagi muhit, ustozlarning talabchanligi va tengdoshlarimning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi meni bu fanlarni chuqur o‘zlashtirishga undadi. Kelgusida Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qishni davom ettirmoqchiman.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh etish, yoshlarga jahon andozalari darajasida bilim berish, yuksak intellektual salohiyatli, boy dunyoqarashga ega barkamol avlodni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hayotga izchillik bilan tatbiq etilishi tufayli ta’lim sifati va samaradorligi oshdi, maktablar zamonaviy o‘quv-uslubiy vositalar, axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi. Bilim dargohlarining o‘quv va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishga doir keng ko‘lamli ishlar davom ettirilmoqda.

– O‘tgan yillar davomida 8 o‘quvchimiz xalqaro Mendeleyev, o‘nga yaqin yoshlarimiz “Inter-Ximik-Yunior” xalqaro masofaviy hamda respublika fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litsey direktori Anvar Shermurodov. – O‘quv jarayonida iqtidorli o‘quvchilarning ta’lim olishiga alohida yondashamiz. Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari hamkorligida faoliyat olib borayotganimiz o‘quvchilarning bilimini yanada mustahkamlashga yordam bermoqda.

Akademik litseyda chet tillarini o‘rgatish ham doimiy e’tiborda. Bilim dargohi Toshkent tibbiyot akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining tibbiyotga ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Ta’lim muassasasida to‘rt mingdan ziyod o‘quv-uslubiy adabiyot, elektron darslik va o‘quv qo‘llanmalarga ega axborot-resurs markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda internetdan foydalanish, ZiyoNET tarmog‘i orqali kerakli ma’lumotlarni olish uchun barcha sharoit mavjud.

Litseyda o‘quvchilarni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, jismonan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash o‘quv jarayonining uzviy qismini tashkil etadi.