French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilimli va intiluvchan yoshlar maskani
17:32 / 2021-05-21

bugungi kunda bilimli va intiluvchan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ayniqsa, sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan, qolaversa xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan o‘quvchilarga qator imtiyozlar taqdim qilinayotgani ularning bilim olishga g‘ayrati va shijoatini oshirmoqda.

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 5-umumta’lim maktabi misolida aytadigan bo‘lsak, ushbu ta’lim muassasasida bugungi kunda 860 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Joriy o‘quv yilini 73 nafar o‘quvchi bitirayotgan bo‘lib, ayni paytda ularning 4 nafari muddatidan avval oliy ta’lim dargohi talabasi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Xususan, 11-sinf o‘quvchisi Javohir Toshqulov yengil atletika sport turidan O‘zbekiston chempionatida erishgan g‘alabasi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan bo‘lsa, yana bir o‘quvchi Dilnoza Ro‘ziqulova stol tennisi sport turida mamlakat chempioni sanaladi. Ularning mazkur yutug‘i grant asosida yurtimizdagi istalgan oliygohga o‘qishga kirish imkonini beradi.  

Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rganish ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Ushbu maktabning 11-sinfida ta’lim olayotgan Sabrina Shamsiyeva ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro IELTS sertifikatiga ega bo‘lib, Xitoy va Rossiya universitetlariga hozirdanoq o‘qishga qabul qilingan. Maktabni bitirayotgan yana bir o‘quvchisi Shahina Shokirova esa yapon tilini mukammal o‘zlashtirishga bel bog‘lagan. U Yaponiyadagi Asian Pasific University hamda Buyuk Britaniyadagi Belfast Queenʼs University oliygohlarining grant loyihalarini yutib, ayni paytda mazkur universitetlarning birida jurnalistika yo‘nalishida ta’lim olishni rejalashtirmoqda.

[gallery-2492]

– Yaqinda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilingani bejiz emas, — deydi mazkur maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Sadoqat Dushanova. – Bu albatta, xorijiy tillarni o‘qitish va o‘rganish tizimining tubdan takomillashishiga keng yo‘l ochadi.

Ta’kidlash kerak, maktabda kitobxon o‘qituvchi va yoshlar talaygina. Ayni paytda maktab kutubxonasining umumiy kitob fondi qariyb 16 mingtani tashkil etib, ularning 2 mingga yaqini badiiy adabiyotlardir. 9-sinf o‘quvchisi Ashraf Ahmedov maktabning eng kitobxon o‘quvchilaridan bo‘lib, u yaqinda tuman miqyosida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon o‘quvchi” ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu o‘quvchi o‘z shaxsiy kutubxonasida hozircha 200 dan ziyod kitoblarga ham ega.

Mazkur maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Feruza Umarova hamda ko‘p yillik rus tili o‘qituvchisi Ochil Boboqulov eng kitobxon pedagoglardan sanaladi. Maktabda muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlarning yutuqlari zamirida ana shunday fidoyi ustozlarning sa’y-harakati mujassam.  

 

Siroj ASLONOV (surat), O‘zA