Bilimlar kunida birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi
Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim muassasalarida ham yangi o‘quv yili “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida "Mustaqillik darsi" va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan "Xotira darslari" bilan boshlandi.
Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim muassasalarida ham yangi o‘quv yili “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida "Mustaqillik darsi" va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan "Xotira darslari" bilan boshlandi.Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyi negizidagi umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Mustaqillik darsi”da Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov o‘quvchilarga Vatanimizning mustaqillikka erishishi, istiqlol yillarida xalqimiz erishgan ulkan yutuq va marralar haqida so‘zlab berdi. Bugungi tinch-osoyishta va farovon hayotimiz, turmushimizda, ongu tafakkurimizda ro‘y bergan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar, yoshlarimizning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda unib-o‘sayotgani buyuk davlat va siyosat arbobi, xalqimizning atoqli farzandi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog‘liqdir.
Yangi o‘quv yilida 213 o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya oladigan mazkur maskan sinfxonalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Sport maydonchalari, turli fan to‘garaklari o‘quvchilarning chuqur bilim olishi, jismonan chiniqishiga xizmat qilmoqda. Bolalarning 20 nafari maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilaridir.
Interfaol usulda o‘tkazilgan “Xotira darsi”da o‘quvchilarga Islom Karimovning hayoti va mashaqqatli mehnat faoliyati, yurtimiz uchun o‘ta og‘ir va murakkab bo‘lgan yillarda Birinchi Prezidentimiz amalga oshirgan ulkan ishlar, xalqimizning tinch va farovon turmushini ta’minlash yo‘lidagi jasorati, yosh avlodga ko‘rsatgan alohida e’tibori to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Buyuk davlat arbobi Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
– Har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning o‘chmas xotirasini bir umr yodda saqlaymiz, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Shohrux Hamroyev. – “Mustaqillik” va “Xotira” darslarida istiqlol bergan imkoniyatlar, Birinchi Prezidentimizning o‘sha tahlikali yillarda mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi hamda yoshlarning baxtu kamoli yo‘lidagi ishlari bilan tanishish asnosida bizda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ulari yanada oshdi.
Bilimlar kuni tadbirlari doirasida Surxondaryo viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilariga Prezidentimiz sovg‘alari topshirildi.