Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bilimdon” bolajonlar ixtiyorida (+video)
19:00 / 2025-07-10

Yangi O‘zbekiston bolalari hech kimdan kam emas. Ularga ta’lim-tarbiya berish bilan birga maroqli dam olishlari uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda Farg‘ona viloyatida 14 ta statsionar va 114 ta maktab qoshidagi kunduzgi oromgoh faoliyat yuritib, yozgi mavsumda 40 ming nafarga yaqin bolalar mazmunli dam olishi ta’minlanmoqda.

Mana endi, ularni qatoriga tog‘oldi Farg‘ona tumanining Log‘on qishlog‘idagi so‘lim maskanlardan birida ochilgan “Bilimdon” bolalar dam olish oromgohi qo‘shildi. U davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 48 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi. Shu kunlarda bu yerda birinchi mavsum qatnashchilari dam olmoqda.

– Bizning oromgohimiz yozda 5 mavsum faoliyat ko‘rsatadi va 1000 nafar bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi, – deydi oromgoh direktori Gavharoy Jo‘rayeva. – Oromgohimizga 7 yoshdan 14 yoshgacha bolalarni qabul qilamiz. Hozirda media, karaoke, vokal, chet tili kabi oltita to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda. 

“Bilimdon”da hamma narsa muhayyo. Bolalarning yoshiga moslab turli to‘garaklar, sport klublari, yosh san’atkorlar maktabi kabi guruhlar tashkil etilgan. Ayniqsa yozning issiq kunida oromijon basseynda yayramoqdalar. “Bilimdon” nomi bejiz emas. Oromgohdagi eng gavjum joylardan biri – kutubxona.

– Bu oromgohda ko‘pgina to‘garaklar va qiziqarli mashg‘ulotlar bor ekan. Menga kutubxona juda yoqdi. Kutubxonada o‘zbek xalq ertaklarini o‘qidim, – deydi dam oluvchi Atifa Ahmadjonova.

Ota onalariga farzandlari 12 kun davomida qanday dam olishi dasturi taqdim qilindi. Uni shakllantirishda Farg‘ona viloyatidagi xizmat ko‘rsatuvchi idoralar ham jalb etilgan.

– Bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishni tashkil etish departamenti tomonidan 12 kunlik namunaviy dastur ishlab chiqilgan. Ushbu ish rejaga asosan, viloyat madaniyat, sport, turizm boshqarmalari, yoshlar agentligi, zakovat klublaridan kelib o‘zlarining tadbirlarini ham o‘tkazishyapti, – deydi oromgoh rahbari.

Yoz oylari tez o‘tadi. Ammo keyinchi? Shunday infratuzilmaga ega maskan bo‘sh qoladimi? Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bu masalani ham inobatga olgan.

Oromgohda yil davomida to‘garaklar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

– Oromgohimizda yozgi mavsumdan keyin xususiy maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi yoki fanlar bo‘yicha ixtisoslashgan o‘quv seminarlari o‘tkazish niyatimiz bor, – deydi Gavharoy Jo‘rayeva. – Maktablarda a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilarni tanlab olib rag‘batlantirish sifatida oromgohda yil davomida dam oldirish rejalashtirilgan. 

“Bilimdon”dan yana bir yangilik. Endi O‘zbekistonning qaysi shahar qishlog‘idan bo‘lmasin farzandingiz bu oromgohda dam olishi mumkin. Buning uchun “oromgoh.uz” saytiga kirib ro‘yxatdan o‘tsangiz va tegishli tartibda rasmiylashtirsangiz bas. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Mv1z2iSB6ko" title="“Bilimdon”  bolajonlar ixtiyorida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov