Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilim, zakovat bahsi o‘tkazildi
16:52 / 2025-12-25

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida Toshkent harbiy okrugiga qarashli Mirzaobod tumanidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalionida askarlar o‘rtasida navbatdagi qiziqarli va ruhlantiruvchi “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Tadbir harbiy xizmatchilarning intellektual darajasini oshirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratildi.

Tanlovda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi va harbiy qism rahbariyati bilan birga yosh harbiy xizmatchilar ham faol ishtirok etishdi. Askarlar bir nechta jamoalarga bo‘linib, bilimdonlik, topqirlik, tezkor fikrlash hamda ijodiy mahorat yo‘nalishlarida o‘zaro bellashdilar.

Musobaqa dasturidan mantiqiy savollar, sahnaviy chiqishlar, hayotiy vaziyatlar asosida tayyorlangan qiziqarli topshiriqlar va turli intellektual bosqichlar o‘rin oldi. Bu orqali ishtirokchilarning zakovati, nutq madaniyati, yumor hissi hamda jamoada ishlash qobiliyati har tomonlama sinovdan o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlov yakunlari bo‘yicha birinchi o‘rinni “Qalqon” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni “Atom” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa “Boyvachchalar” jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindor jamoalar batalion komandirining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir  harbiy xizmatchilar tomonidan  ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bilan bayramona ruhda davom etdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri