Munosabat
“Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir”. Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ta’lim sohasiga doimiy e’tiborda bo‘lish davr talabiga aylangan.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbari "O‘qituvchi va murabbiylar" kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida pedagoglar uchun yangi imtiyozlar joriy etilgani borasida so‘z yuritdi. Bu esa albatta o‘qituvchilarga ko‘tarinki kayfiyat, yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Jumladan, kelgusi o‘quv yilidan davlat oliy o‘quv muassasalariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt puliga 30 foiz chegirma berilishi, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi, o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi singari yana bir qator imtiyozlar ilm me’morlari bo‘lgan o‘qituvchilar uchun katta imkoniyatdir.

Shuningdek, Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida: – Ikki Renessans davomida bashariyatga muallimlik qilgan xalqimiz orasida ustozlarni e’zozlash va ularga ehtirom ko‘rsatish eng go‘zal va qadimiy an’analarimizdan biriga aylangan. Bugun Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish degan bag‘oyat ulug‘ va sharafli ishni boshlagan ekanmiz, eng avvalo, siz – aziz ustozlar hamda iste’dodli shogirdlaringizga tayanamiz deya ustozlarga yuksak ishonch bildirdi.
Qolaversa, nafaqat o‘qituvchilar,balki bog‘cha tarbiyachilari uchun muhim yangiliklar kuzatilayotgani ayni haqiqat.
Hozirda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar bo‘lgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab o‘qituvchilari kabi toifa olishi uchun oliy ta’lim diplomi talab etiladi. Shu sababli oliy ma’lumotli bilan o‘rta ma’lumotli tarbiyachining oyligida farq bor.
Shu bois, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinishi kadrlar masalasiga yechim bo‘la oladi.
Yana bir yangilik. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi. Eng muhimi, yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi. Demak, joylarda “Yangi avlod” bog‘chalari faoliyat yuritishiga zamin yaratilib, sifat ortadi. Joriy qilinayotgan imtiyoz va yangiliklarning barchasi kadrlar salohiyatini oshirish hamda kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning munosib tarzda tarbiya topib, bilim olishlariga xizmat qilishi, shubhasiz.
Zavra Abdullayeva,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi
O‘zA