Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilim va mehnat insonni ulug‘laydi
17:52 / 2025-07-08

Bugungi kunda mamlakatimizda bilimli, tashabbuskor va vataniga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan yoshlar orqali jamiyatimiz yangi pog‘onalar sari ilgarilab bormoqda. Ana shunday yoshlardan biri – Toshkent davlat tibbiyot universiteti magistraturasi talabasi, kardiologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan Quanishbek Yerejepbayevdir.

Quanishbek 1998 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. U o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbati, tirishqoqligi va izlanuvchanligi orqali tibbiyot sohasida sezilarli natijalarga erishmoqda. Ayniqsa, yurak jarrohligi kabi murakkab yo‘nalishdagi yutuqlari e’tiborga loyiq.

U 2022-2025 yillarda 120 dan ortiq yurak jarrohlik amaliyotida ishtirok etgan. Ulardan 36 tasi yuqori darajadagi murakkab operatsiyalardir. 2025 yilda dunyo tibbiyotida kam uchraydigan “Ebshteyn anomaliyasi” tashxisi qo‘yilgan 13 yoshli bemor bolaga yurak jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirishda qatnashdi. Bu amaliyot natijasida bemorning yurak qopqog‘i tiklanib, faoliyati me’yoriy holatga keltirildi.

Qahramonimiz ilmiy sohada ham izlanishlarni to‘xtatmasdan davom ettirmoqda. Uning Scopus bazasida e’lon qilingan “Results of the Study of the Auditory Analyzer in Newborns with Hyperbilirubinemia” nomli ilmiy maqolasi bugungi kunda xalqaro akademik doiralarda e’tirof etilgan. Shuningdek, London shahrida “Anatomy of bones and joints” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi ham chop etilgan.

Turkiyaning Ege universitetidagi stajirovka, Oksford universiteti “Kardiologiya markazi”dagi amaliyot hamda Kembrij va Edinburg universitetlaridagi ta’lim jarayonlari bilan tanishuv – uning bilimga bo‘lgan intilishi va global qarashlarini yanada keng namoyon etdi.

Quanishbek Yerejepbayev tomonidan ishlab chiqilgan 4 ta tibbiy innovatsiya loyihasi Intellektual mulk agentligi tomonidan patentlangan, shulardan biri amaliyotga joriy etilgan. U 2024 yilda Moskvadagi “Skolkovo” texnoparkida sun’iy intellektga asoslangan “Avi-Shifo” nomli diagnostika ilovasini taqdim etdi. Ushbu loyiha “Bo‘lajak olim” tanlovida ijobiy baholanib, 550 million so‘m miqdorida moliyalashtirishga tavsiya etildi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan Quanishbek jamoat ishlarida ham faol. U pandemiya davrida hamda “Sardoba suv toshqini” fojiasi paytida minglab aholiga yordam ko‘rsatgan faol volontyor sifatida tanilgan.

2023 yilda “Islom Karimov” nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. 2024 yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Quanishbekning fan va tibbiyotdagi yutuqlari alohida qayd etilib, davlat rahbarining samimiy tabrigi hamda maxsus mukofotiga loyiq deb topildi.

Ilm va mehnatni o‘z hayot tarziga aylantirgan, zamonaviy innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etayotgan, jamiyatning barcha jabhalarida faol ishtirok etayotgan vatanparvar yosh mutaxassis sifatida u ko‘plab yoshlarga ibrat bo‘lmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri