Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz beradigan tavsiyanomani qo‘lga kiritish uchun test sinovlaridan o‘tdilar.
Bilim va malakalarni baholash agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu jarayonda yuz nafarga yaqin askar ishtirok etdi.

Tashkil etilgan mazkur test sinovlarida har bir askar o‘z bilimini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Unda askarlarning jangovar tayyorgarligi, ijtimoiy-siyosiy bilimi va mantiqiy fikrlashiga alohida e’tibor qaratildi.

–Bugun men imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test sinovlarida qatnashdim, – deydi oddiy askar Jo‘rayev Loshin. – Tavsiyanomani qo‘lga kiritgach, nufuzli oliygohlardan biriga kirib, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan mutaxassis bo‘lmoqchiman.
Test sinovlarida yuqori natija ko‘rsatgan askarlar Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining tavsiyanomasiga loyiq ko‘riladi. Ushbu hujjat yigitlar uchun kelajak eshiklarini keng ochadi. Jumladan, respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball taqdim etiladi. Shuningdek barcha davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul parametrlaridan tashqari ajratilgan alohida kvotalar doirasida tanlovda ishtirok etish huquqini beradi.

O‘tkazilgan test jarayonlari to‘liq videokuzatuv ostida, ochiq va shaffof tarzda tashkil etildi. Bu askarlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish bilan birga, haqiqiy bilimli yoshlarni saralab olishga xizmat qildi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, qo‘lida tavsiyanoma bilan uyiga qaytayotgan yigitlar nafaqat o‘z oilasining, balki butun yurtimizning faxriga aylanadi. Zero, mardlik maktabini bilim bilan mustahkamlagan yoshlar — kelajagimiz poydevoridir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri