Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport majmuasida abituriyentlarni 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jizzax viloyatida ham abituriyentlarni ro‘yxatga olish joriy yilning 5 iyundan 25 iyuniga qadar amalga oshirildi. Bu jarayon to‘liq onlayn shaklda, Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti “my.uzbmb.uz” hamda davlatning interaktiv xizmatlar markazi “my.gov.uz” orqali tashkil etildi. Yakuniy xulosalarga ko‘ra, Jizzax viloyatida test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar soni 35 ming 48 nafarni tashkil etdi.
– Qabul uchun test sinovlari o‘tayotgan Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport majmuasida har kuni 4200 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etmoqda, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Hotamov. – Viloyatda test sinovlari 9 kun davom etadi. Sinovlar joriy yilning 14 iyulidan boshlangan bo‘lsa 22 iyul kuni yakunlanadi.
Test sinovlari o‘tkaziladigan binoda abituriyentlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Har bir imtihon topshiruvchi uchun bir o‘ringa mo‘ljallangan stol-stullar joylashtirilgan, jazirama issiq havo inobatga olingan holda binoga mo‘’tadil havo haroratini saqlash uchun sovitish qurilmalari o‘rnatilgan.
[gallery-24341]
Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida binoga kameralar o‘rnatilgan. Shuningdek, test sinovlarida Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan shartnoma imzolagan 154 nafar guruh nazoratchilari va surdo tarjimonlar ham ishtirok etmoqda.
Shu o‘rinda, test sinovlarida ishtirok etish uchun kelgan imkoniyati cheklangan abituriyentlarga ham barcha qulayliklar yaratilganini ta’kidlash joiz. Eshitish va gapirishida nuqsoni bor abituriyentlar uchun surdo tarjimonlar jalb qilingan. Tayanch harakat a’zolarida nuqsoni bor, imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus nogironlar aravachalari olib kelingan.
Abituriyentlarning ota-onalari va yaqin qarindoshlari uchun soya-salqin kutish joylari tashkil qilingan. Katta monitorlarda test sinovlari jarayoni onlayn tarzda namoyish etilmoqda. Qolaversa, “test 2025.uz” sayti orqali test sinovlari jarayonini onlayn kuzatib borish ham mumkin.
– Shu o‘rinda abituriyent va ularning ota-onalariga ba’zi eslatmalarni aytish joiz, – deydi Ibrohim Hotamov. – Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga shaxsni tasdiqlovchi hujjat(biometrik pasport, ID karta, xorijga chiqish biometrik pasporti, yangi tartibdagi haydovchilik guvohnomasi)ning asl nusxasi bilan ruxsatnomada ko‘rsatilgan sana va vaqtdan kechikmagan holda, ya’ni birinchi smenadagi abituriyent soat 06:30 ga qadar, ikkinchi smena esa soat 13:30 ga qadar yetib kelishi shart. Belgilangan vaqtdan kech kelgan abituriyentlar binoga kiritilmaydi. Ushbu test sinovlari bir kishi uchun faqat bir marta, ruxsatnomada ko‘rsatilgan sana va vaqtda o‘tkaziladi, boshqa vaqtda hech bir shaxs uchun alohida test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, test sinovlari o‘tkaziladigan binoga ta’qiqlangan vositalar(uyali aloqa qurilmalari, kalkulyatorlar, aqlli soat va aqlli ko‘zoynaklar, kitoblar va hokazolar)siz kelish lozim. Binoga ta’qiqlangan vositalarni olib kirishga uringan abituriyentlar test sinovlaridan chetlashtiriladi va binoga kiritilmaydi.
Aziz abituriyentlar, o‘z iqtidoringizni va albatta, umumta’lim maktablarida ustozlaringizdan olgan saboqlaringizni namoyon qiladigan vaqt keldi, endi barchasi o‘z qo‘lingizda, omad sizlarga yor bo‘lsin.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari