Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilim va iqtidor sinovi
17:22 / 2016-06-03

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 250-umumta’lim maktabida “Bilimlar bellashuvi” tanlovining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 250-umumta’lim maktabida “Bilimlar bellashuvi” tanlovining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qitish jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida umumta’lim maktablari o‘quvchilarining fanlar bo‘yicha bilimlar bellashuvini tashkil etishning to‘rt bosqichli mexanizmi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan.

Ushbu bellashuvdan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning bilim va qobiliyatini erta aniqlash, maktablarda sog‘lom raqobatni tashkil etish orqali o‘qishga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqni kuchaytirishdan iborat.

– Maktablarning 5-8-sinf o‘quvchilarini qamrab olgan ushbu bellashuv jami 16 fan bo‘yicha tashkil etildi, – deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi uslubchisi Shohista Usmonova. – Uning dastlabki bosqichlarida to‘qqiz mingdan ziyod o‘quvchi ishtirok etgani bolalarning o‘qishga bo‘lgan intilishi tobora ortib borayotganidan dalolatdir. Ulardan 530 nafari yakunlovchi bosqichda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Bu yilgi bellashuvlar umumiy o‘rta ta’lim maktablari va ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida alohida-alohida o‘tkazilmoqda. Tanlovda yozma ish va test sinovlari asosida dastlab aniq va tabiiy fanlar, keyin filologiya va ijtimoiy fanlar bo‘yicha sinovlar tashkil etildi.

– “Bilimlar bellashuvi”da ingliz tili fanidan g‘oliblikni qo‘lga kiritdim, – deydi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi filologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi Safiya G‘ulomova. – Mehnatlarim besamar ketmaganidan juda ham xursandman. Asosiysi, tanlov o‘zimga bo‘lgan ishonchimni mustahkamladi. Kelajakda o‘z bilim va salohiyatim bilan ona Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida astoydil xizmat qilaman.

28 nafar o‘quvchi «Bilimlar bellashuvi»ning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.