English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilim sifatini o‘stirish – eng muhim masala
13:34 / 2021-08-15

Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar oliy ta’lim tizimida ham o‘zining yorqin samaralarini bermoqda.

Xo‘sh, bu borada Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? O‘zA muxbiri shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida ushbu oliygoh rektori, professor Muxsin Xodjiyev bilan suhbatlashdi.  

– Suhbatimizni Guliston davlat universitetida erishilgan yutuqlar va ularning omillari bilan boshlasak. Aytaylik “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Guliston davlat universiteti o‘z faoliyatini Prezidentimiz muhtaram Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarga asosan tashkil etib kelmoqda. 2019-2020 o‘quv yilida universitetda 8 ta fakultet, 25 ta kafedrada 420 nafar professor-o‘qituvchi 13 ming 501 nafar talaba, 157 nafar magistrantga ta’lim berib kelmoqda.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida universitetda tegishli “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgan va 2020-2021 o‘quv yilida bosqichma-bosqich uning ijrosi ta’minlab kelindi. Jumladan: 2021 yil davomida ishlab chiqarish sohasidagi malakali mutaxassislardan 15 nafari dars jarayonlariga, 21 nafari bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik hamda maslahatchilikka jalb etildi. Iqtisodiyot tarmoqlari talablari asosida 9 ta yangi ta’lim yo‘nalishi va 10 ta yangi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.  

Qozon davlat Federal universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida “Amaliy psixologiya” ta’lim yo‘nalishi, Malayziyaning “Binariy” universiteti bilan iqtisodiyot sohasida magistrlar tayyorlash va M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti  bilan “Qozoq tili va adabiyoti”  ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilar safiga 65 nafar magistr-yoshlar jalb etildi.  

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab universitetda yangi “Tibbiyot” fakulteti tashkil etilmoqda, shu maqsadda bugungi kunda yoshlarimiz “Davolash ishi” va “Pediatriya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘ldi. Yetakchi xorijiy davlatlardan AQSH, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Belorussiya davlatlarining nufuzli OTMlaridan professor-o‘qituvchilar ta’lim jarayoniga jalb etildi. O‘quv rejalarida mavjud fanlar buyicha 90 ta videodarslar ishlab chiqildi, o‘qitiladigan mavjud fanlar o‘quv-uslubiy majmualarining 85 foizi elektron ko‘rinishga o‘tkazildi. Talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga asosiy etiborni qaratish maqsadida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab o‘quv jarayonini to‘liq kredit-modul tizimida tashkil etish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Talabalar soni yangi o‘quv yili boshida 15 ming 980 nafarga, magistrantlar soni 400 nafarga oshishi kutilmoqda.

Universitetda 2020 yilda 4 ta “Ye-Minbar” jihozlangan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 38 taga yetkazildi. Ilmiy loyihalarning umumiy soni 8 ta (2020 yilga nisbatan 35 foiz), loyihalar  bajarilishi yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari 922 taga, jumladan, 346 ta ilmiy jurnallarda shundan 196 ta xalqaro jurnallarda, 582 ta anjuman to‘plamlarda, shu jumladan, 106 ta xalqaro anjumanlarda professor-o‘qituvchilarimizning maqolalari chop etildi. Shuningdek, 17 ta darslik,  82 ta o‘quv qo‘llanma, 84 ta monografiya chop etildi va 29 ta patent olindi.  

2017 yilda universitet ilmiy salohiyati 23,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil iyul oyi holatiga bu ko‘rsatkich 33,5 foizga yetdi.

“5 ta muhim tashabbus” doirasida turli tadbirlar olib borildi. Maktab va professional ta’lim muassasalarida 5 ta muhim tashabbusni keng ommalashtirish borasida universitetning metodik yordam ko‘rsatishi kengaydi.

Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha 60 dan ortiq turli tadbirlar, jumladan, 25 ta huquqni muxofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida davra suhbatlari, 25 ta rektor va talabalar uchrashuvi, 3 ta insholar tanlovi, 2 ta rasmlar va plakatlar tanlovi, 2 ta maqolalar tanlovi va boshqa turdagi tadbirlar o‘tkazildi.    

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi-professorlari mehnatiga alohida e’tibor qaratilib, ularning mehnatiga to‘lanadigan ish haqi miqdori ham sezilarli darajada ortdi. Nima deb o‘ylaysiz, shunga yarasha ish sifatida ham o‘sishga erishildimi? Aynan siz boshqarayotgan universitet yetishtirayotgan kadrlar salohiyatida buni ko‘ra bilayapsizmi? Bularni jonli misollar bilan aytib o‘tsangiz.

– Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida o‘qituvchilarga berilayotgan e’tibor tubdan o‘zgardi. bugungi kunda o‘qituvchilarimizning maoshlari 3 barobarga oshirildi. O‘qituvchi jamiyatning haqqoniy hurmatli va izzatli a’zosiga aylandi. Ular turli xil majburiy mehnatning barcha ko‘rinishlaridan batamom xolis bo‘ldi. Bu esa ularga o‘zlari ustida yanada ko‘proq ishlashi, malakalarini oshirishi va talabalarga zamon talablari darajasida bilim berishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi. Bularning barchasi professor-o‘qituvchilardan tinimsiz izlanish, o‘z malakalarini doimiy oshirish, xorijiy tajribani o‘zlashtirib borishni talab etadi.  

So‘nggi 3-4 yil davomida professor-o‘qituvchilar jamoasi tomonidan amalga oshirilgan o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy va ilmiy tadqiqot ishlari, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni taqqoslaydigan bo‘lsak bir qator o‘zgarish va yutuqlarga erishganimizni kuzatishimiz mumkin.  

Masalan, Guliston davlat universitetining magistratura bosqichi 2017 yilda 3 ta mutaxassisliklar bo‘yicha 10 nafar magistr ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2021 yilda 18 ta mutaxassislik bo‘yicha   397 nafar magistrlarni tashkil etdi. Umumiy nashrlar soni 2017 yilda 367tani, 2021 yilda 922 tani tashkil etdi, uch yil oldin jamoamiz tomonidan 5 ta monografiya chop etilgan bo‘lsa, 2021 yilda 29 ta monografiya chop etildi va 10 ta patent olindi. Universitet doktoranturasida 2017 yilda 12 nafar tadqiqotchi, 2021 yilda 43 nafar tadqiqotchi faoliyat olib bormoqda.  

Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish, amaliyot o‘tash va doktoranturada tahsil olishlari uchun katta imkoniyatlar yaratib berildi. Jamoamiz tomonidan xalqaro ma’lumotlar bazasidan foydalanishlari darajasi keskin oshdi. Bularning barchasi talaba-yoshlarga bilim berish sifatini o‘sishiga va tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shunday bo‘lsada, jamoamiz bilan birgalikda amalga oshiradigan ishlarimiz talaygina. Ishonchim komil, respublikamizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda universitetimiz jamoasi faol ishtirok etib, tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatini zamon talabi darajasida bo‘lishiga erishamiz.

Har qanday oliygohning reyting darajasi yuqori yoki pastligi avvalo uning ilmiy salohiyati va albatta moddiy texnika bazasiga bog‘liq. Bugun GulDUning ilmiy salohiyati va moddiy texnika bazasi respublikada yuqori o‘rinlarda ekani ma’lum. Lekin qo‘mondon bo‘lishni orzu qilmagan askar-askar emas, deyishadi. GulDU mamlakatimizdagi eng yuqori darajadagi oliygohlar qatoriga chiqishi uchun universitet rektori sifatida qanday ishlarni amalga oshirish lozim deb o‘ylaysiz va biz GulDUni eng yuqori pog‘onalardagi oliygohlar qatorida qachon ko‘rishimiz mumkin?

– To‘g‘ri aytasiz, bundan 3-4 yil muqaddam universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati bazo‘r 23,7 foizni tashkil qilar, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashlari, ilmiy salohiyatlarini oshirishlari bo‘yicha olib borayotgan ishlari quvonarli holatda deb bo‘lmas edi.

Moddiy-texnika bazani rivojlantirish borasida ham qilinadigan ishlar talaygina edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘tgan qisqa fursat ichida universitet jamoasi bilan hamjihatlikda ta’lim muassasasini respublikada yuqori o‘rinlarga chiqarish uchun mehnat qildik. Bunda avvalambor Prezidentimizning, hukumat va oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining alohida ko‘rsatgan e’tibori  muhim rol o‘ynadi.

Har bir o‘quv yili uchun ilmiy salohiyatni oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ishimizni shu xaritaga kiritilgan yoshlarimizni doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishlari orqali ilmiy salohiyatni ko‘tarishga qaratdik. Natijada bugungi kunda ilmiy salohiyatimiz 2017 yilgi 23,7 foizdan 33,5 foizga ko‘tarildi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 35,5 foizga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarimiz yetarli.  

bugungi kunda doktorantlarimiz va mustaqil tadqiqotchilarimizga barcha sharoitlarni yaratib berib, amaliy yordam ko‘rsatib kelayabmiz. Moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida o‘quv binolarimiz sonini 3 tadan 6 taga yetkazish, universitet qoshidagi 2 ta texnikum va 1 ta akademik litsey moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, buning uchun markazlashgan mablag‘lar hisobidan axborot kommunikatsiya vositalari jumladan, 165 ta kompyuter, 84 ta proyektor, 3 ta server qurilmalari, 33 ta lokal tarmoq qurilmalari (WiFi), 110 ta auditoriyalarga kirishlarni nazorat qilish tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.  

Universitet rahbari sifatida jamoada mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchilarning 2021 yil davomida chop etgan maqolalariga iqtiboslar, dissertatsiya himoyalari sonini oshirish, xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish, respublika va xorijiy grantlardagi ishtirokimizni oshirish, darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya va patentlar sonini ko‘paytirish, universitetda xorijiy talabalar va akademik almashuv dasturlarida ishtirok etayotgan talabalar ulushini ko‘paytirish orqali hamda bir qator kurslarni xorijiy tillarda o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, respublika va xalqaro olimpiada va tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoshlar sonini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash, kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tish, xorijiy olimlarni dars berish jarayonlariga jalb etish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada rivojlantirish orqali ta’lim muassasamiz o‘zining pozitsiyasini yanada mustahkamlab oladi va 2021 yil yakunlari bo‘yicha yanada yuqori pog‘onalarga ko‘tariladi deb aytishim uchun barcha asoslar yetarli deb hisoblayman.    

 – Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari nihoyasiga yetdi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan yangi o‘quv yilida o‘qishga kirish uchun grantlar soni sezilarli darajada oshirildi. Bu siz rahbarlik qilayotgan universitet faoliyatida qanday o‘zgarishlarni berishi mumkin? Qabul soni, yangi fakultet va kafedralar sonida, o‘qituvchi va professorlar shtat birliklarida qanday yangilanishlar kutilmoqda?

– 2021 yil 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2021-2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yil 22 iyundan 22 iyulgacha to‘liq masofaviy, ya’ni onlayn shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirildi. Universitetimizda ham ota-onalar va abituriyentlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berish maqsadida Axborot maslahat markazi  tashkil etildi.

Qaror asosida universitet qabuli parametrlari belgilandi. Bakalavr tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga 48 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming 200 nafar, sirtqi ta’lim shakliga 18 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 150 nafar, magistrlar tayyorlash bo‘yicha 19 ta ixtisoslik bo‘yicha 105 nafar kvota belgilandi.  

Yangi o‘quv yilidan talabalar soni oshishi biz professor-o‘qituvchilar oldiga katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki universitetimiz nafaqat Sirdaryo viloyati balki respublikamiz iqtisodiyot tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlaydi. Shuning uchun biz yangi o‘quv yiliga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida shtab tashkil qildik. Shtabda kundalik amalga oshirilayotgan ishlar, reja asosida bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar muhokama qilinib, barcha tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Yangi o‘quv yilidan “Tibbiyot” fakultetining tashkil etilishi bilan fakultetlar soni 8 tadan 9 taga oshadi. “Davolash ishi”, “Pediatriya”,  “Sport faoliyati” (kurash) kabi ta’lim yo‘nalishlarining ochilishi albatta ilmiy salohiyatli kadrlarga ehtiyojni keltirib chiqaradi. Shuning uchun biz 2021-2022 o‘quv yili uchun jami 50 nafar, shu jumladan 30 nafar magistrlarni, 20 nafar o‘qituvchilarni jamoatchilik guruhi tavsiyasi bilan ishga olish orqali shtat birliklarida hosil bo‘ladigan ehtiyojni qondirishni maqsad qilganmiz.

– GulDUning bugungi darajasi universitet rektori va xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati Muxsin Xodjiyevni qanchalik qanoatlantiradi?

– Nazarimda eng qiyin savolni o‘rtaga tashladingiz.  

O‘zbekistonning dunyo mamlakatlari bilan integratsion jarayoni rivojlanib borayotgan bir pallada, ta’lim sohasi oldiga ham qator vazifalarni qo‘ymoqda. Oliy ta’lim tizimida bugungi kunda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bularni biz har kuni ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib, bevosita ishtirokchisi bo‘lib kelmoqdamiz. Shunday bo‘lsada men rektor va deputat sifatida o‘zim rahbarlik qilayotgan universitetning bugungi darajasidan to‘liq qoniqmayman desam to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, oldimizda jamoamiz bilan qiladigan ishlarimiz talaygina.  

Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish”ga bag‘ishlangan yig‘ilishining bayoni bilan tasdiqlangan “Guliston davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”ga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2021 yil 16 iyun kuni “Oliy ta’lim sohasidagi islohatlar natijadorligi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik” mavzusida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Yo‘l xarita”mizni ishlab chiqqanmiz.  

Belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash, jamoamiz tomonidan yangi 2021-2022 o‘quv yiliga talab darajasida tayyorgarlik ko‘rish maqsadida davlat ta’lim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, universitetda o‘qitilayotgan fanlarni mazmunan qayta ko‘rib chiqish va tahlil qilish, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus va boshqa ta’limda o‘qitilgan fanlar bo‘yicha universitetda ortiqcha takrorlanishlarni qisqartirish, tarmoqlar ehtiyojidan kelib chiqib fanlar nomini o‘zgartirish, yangilarini kiritish va ayrimlarini umumlashtirish, bo‘shagan dars soatlari hisobiga mutaxassislik fanlarini ko‘paytirish hamda talabalarga mustaqil ilmiy izlanishi uchun imkoniyat yaratish, 2021-2022 o‘quv yilidan o‘quv jarayonlarini kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tkazish kabi bugungi kun dolzarb vazifalar yechimi ustida mehnat qilmoqdamiz.  

Yangi 2021-2022 o‘quv yilidan universitetda ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada rivojlantirish, yoshlarimizni ilm bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, universitet ilmiy salohiyatini oshirish, talaba-yoshlarni yetuk mutaxassis kadr bo‘lib yetishishlarini ta’minlash maqsadida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sirdaryo viloyat hokimligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ijobiy ishlarni bajarishga allaqachon kirishganmiz.

Guliston davlat universitetining hudud ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashdagi o‘rnini kengaytirish, uni hududning yetakchi ilmiy-amaliy markaziga aylantirish, “Tadbirkorlik universiteti” konsepsiyasini tadbiq etish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida, universitetda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan innovatsion texnologiyalarga asoslangan kichik ishlab chiqarish liniyalari va korxonalarini tashkil etish kabi rejalarimizni amalga oshirishni rektor va viloyat Kengashi deputati sifatida o‘z oldimga vazifa qilib olganman.

Xalqaro universitetlar reytingida munosib o‘ringa ko‘tarilmasdan turib nufuzli xorijiy OTMlar bilan tafovutni kamaytirib bo‘lmaydi. bugungi kunda barcha yetakchi universitetlar o‘z oldiga xalqarolashish masalasini qo‘ymoqda, ya’ni jahon universitetlari bilan integratsiyaga erishmasdan turib yakka holda ilm-fanni taraqqiy ettirib bo‘lmasligini dunyo tajribasidan tushunib yetmoqda. Buning uchun har bir oliy ta’lim muassasasi kamida 5 foiz talabasini xorijiy talabalar qatoridan bo‘lishiga harakat qilmoqda. Professor-o‘qituvchilar tarkibini xalqaro elektron kutubxonalar bazalaridan faol foydalanishga o‘rgatish va o‘quv xonalarini an’naviy jihozlanishidan voz kechish kabi ishlarni amalga oshirishimiz zarur deb hisoblayman.

Xulosa qilib aytganda, Guliston davlat universiteti yangi o‘quv yiliga yangi rejalar, ulkan maqsadlar bilan qadam qo‘ymoqda. Universitet jamoasi o‘z oldiga ilmiy salohiyatni oshirish, xorijiy hamkorlar bilan ishlash, xalqaro dasturlarda ishtirok etish, yangi avlod darsliklarini yaratish, o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini tadbiq etish ishlarini yakuniga yetkazish va davlatimiz uchun raqobatbardosh, yuqori salohiyatli kadrlarni tayyorlash borasida bir qator vazifalarni belgilab olgan va ularni amalga oshirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, ijodiy faoliyatingizga omad yor bo‘lsin.

O‘zA muxbiri Abdujalol Qayumov suhbatlashdi