Poytaxtimizda joylashgan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida «Bilim ring» intellektual musobaqasining final bahsi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqada Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 7-10 sinflaridan tarkib topgan 10 ta jamoasi ishtirok etdi.


Jamoalar 10 ta raunddan iborat bahslarda — sport va turli sohalarga oid savollarga javob bergan holda o‘zaro raqobatlashdi va ikki jamoa — «O‘zimizning yigitlar» hamda «Bilimdon» jamoasi finalga chiqdi.


«Bilim ring» intellektual musobaqasining so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida 10-sinf o‘quvchilaridan iborat «Bilimdon» jamoasi g‘olib bo‘ldi. G‘olib jamoaga tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari va Samarqandga sayohat chiptasi topshirildi.
Final davomida taniqli san’atkorlarning chiqishlari, mashhur sportchilarning ishtiroki ishtirokchi va muxlislar qalbiga quvonch bag‘ishladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA