French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bildirilgan yuksak ishonchni oqlashimiz zarur”
10:50 / 2022-08-31

Erishilgan yutuq va natijalarni e’tirof etish ko‘ngillarga hamisha huzur bag‘ishlaydi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bir guruh fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatorida sport sohasi vakillari ham davlat mukofotlariga loyiq ko‘rildi.

Bu, keyingi yutuqlarga poydevor bo‘lishi shubhasiz. Bu, o‘tgan vaqt mobaynida xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan g‘alabalar orqali Vatanni madh etgan sportchi va murabbiylarning xonadonlariga, mahallasiga, yaqinlari qalbiga shodu-xurramlik olib kirdiki, ayni holat ularning fikr-mulohazalarida aks etmoqda.

Mahmud Tog‘ayev, Og‘ir atletika bo‘yicha Navoiy olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji murabbiyci, “Shuhrat” medali sohibi:

– Shunday ulug‘ kun – Mustaqillik bayrami ostonasida mukofotli bo‘lish har qanday kishini g‘ururlantiradi. Aslida bu e’tibor va e’tirofga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning odilona siyosati tufayli erishmoqdamiz.

Aytishim kerak, mamlakatimizda sportga davlat darajasidagi e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Bu, joriy yilda o‘tkazilgan jahon chempionatlarida, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarda o‘tgan kompleks musobaqalarda, chempionatlarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Birgina og‘ir atletikachilarimizning muvaffaqiyatini olsak, tarixiy g‘alabalarga erishdik. Konyadagi Islom birdamligi o‘yinlarida og‘ir atletikachilarimiz 11 nafar sportchi bilan 24 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi va 56 ta davlat orasida og‘ir atletika bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Bu yutuqlarni qo‘lga kiritishda shogirdlarimning ham hissasi borligi e’tiborli bo‘ldi.

Shogirdlarimdan Kumushxon Fayzullayeva 2018 yil Argentinada o‘tkazilgan o‘smirlar Olimpiadasida, qit’a va jahon chempionatlarida va nihoyat yaqinda poyoniga yetgan Islom birdamligi o‘yinlarida 3 ta oltin medalli bo‘lishi, qolaversa, Dilyora Davronova, Ozoda Hojiyeva va Nigora Suvonova kabi shogirdlarim ko‘p marotaba jahon va Osiyo chempionatlarida zafar quchishi hamisha qalbimni faxrga to‘ldiradi. Tinimsiz ishlashga, izlanishlar olib borishga undaydi. Ushbu mukofot esa yanada sermahsul mehnat qilishimga to‘rtki bo‘ldi. Kelajak rejalarimiz bisyor. Keyingi yili Xitoyda o‘tadigan qit’a o‘yinlari, 2024 yilgi Parij olimpiadasi va 2025 yili Toshkentda bo‘ladigan o‘smirlar yozgi Osiyo o‘yinlari musobaqalarida katta g‘alabalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz.

Olga Zabelinskaya, Velosport bo‘yicha terma jamoa a’zosi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni sohibasi:

– Men uchun juda quvonchli voqea bo‘ldi. Bu faoliyatimdagi eng qadrli unvon. Kichik xizmatlarimni yuksak qadrlagan, e’tirof etgan davlatimiz rahbariga, velosport federatsiyasi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilariga minnatdorligimni bildiraman. Shu o‘rinda Konyada o‘tgan Osiyo birdamligi o‘yinlarida ko‘nglimdan kechgan fikrlarni aytmasam bo‘lmas. Biz Turkiya bahslarida bir niyat, ulug‘ maqsad atrofida birlashgan kuchli O‘zbekiston sportchilar jamoasi ekanligimizni ko‘rsatdik. O‘ylaymanki, ushbu an’anani qit’a o‘yinlarida, Parij olimpiadasida ham davom ettiramiz. Buning uchun imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetarli. Muhimi, bunday g‘alabalarga erishish uchun davlatimiz tomonidan biz sportchilarga barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Shunday ekan, musobaqalarda hamisha g‘alaba uchun maydonga chiqishimiz lozim. Barchaga O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi muborak bo‘lsin.

Roman Shokirov, Sambo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi:

– Kamtarona xizmatlarimga yuksak e’tibor ko‘rsatilganidan xursandman. Bu mukofot barcha sport sohasi vakillariniki, deb bilaman. Xushxabarni eshitgan paytim ko‘z oldimdan shogirdlarim qo‘lga kiritgan g‘alabalar, mana shu yutuqlarga erishish yo‘lidagi mashaqqatli mehnatlarim birma-bir o‘tdi. Terma jamoamiz a’zolari yillar davomida jahon arenalarida ko‘plab yutuqlarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarmoqda.

Xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik mashg‘ulotlari, bevosita bahslardagi murakkab vaziyatlar, saralashdan to finalgacha bo‘lgan jarayonlar, har bir sportchining ruhiy, texnik, taktik holatini nazorat qilish, dalda berish murabbiydan o‘zi uchun ham, boshqalar uchun ham talabchan bo‘lishni talab etadi. Mehnatlaring qadr topganda barcha qiyinchiliklarni esdan chiqarasan. Bugun ham shunday bo‘ldi. Qilgan zahmatlarimiz mukofot bilan e’tirof etildi. Barchasi uchun rahmat. Ushbu mukofot menga rag‘bat bilan birga zimmamga katta mas’uliyat ham yuklamoqda. Bildirilgan yuksak ishonchni oqlashimiz zarur. Fursatdan foydalanib, mamlakatimiz mustaqilligining 31 yillik shodiyonasi bilan barcha yurtdoshlarimni samimiy muborakbod etaman.


 

O‘zA muxbiri

To‘lqin Ro‘ziyev yozib oldi.