Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Sultonobod qishlog‘ida Bibi Seshanba ziyoratgohi joylashgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, ul zot Hazrati Bahouddin Naqshbandning xolasi Valiy Komila ismli ayol bo‘lib, diniy va ilohiy bilim borasida ustozlardan bo‘lgan. O‘z valiylik karomati ila aziz avliyolarni chorlab, seshanba kunlari tilovati Qur’on, amri ma’ruf o‘tkazib, uni xosiyatidan insonlar dardiga shifo, mushkuliga yengillik topgani bois “Bibi Seshanba” nomini olgan. Hozirda bu an’ana “Mushkulkushod” marosimi sifatida momolardan avlodlarga o‘tib kelmoqda.
Valiy Komilaning qabri Buxoroda Qasri Orifon qishlog‘ida o‘z opa-singillari Bibi Orifa va Bibi Musallamlar bilan yonma-yon qo‘yilgan.
Qo‘rg‘ontepadagi tabarruk maskan esa mo‘’tabar va aziz momomiz nomlari ulug‘langan qadamjolardan biridir. Ul zot nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar boshqa hududlarda ham uchraydi.
[gallery-7532]
Avval bu joydagi bir hujrada “beshik” deb atalgan kichkina bir qabr bo‘lib, befarzand ayollar momoni vasila qilib kelganlar. Qabrga kim dafn etilganligi haqida aniq ma’lumot bizgacha yetib kelmagan. Ziyoratgoh ayollarning turli xastaliklarga shifo tilab, Alloh yo‘lida ibodat va ehson qiladigan, diniy marosimlar o‘tkaziladigan muqaddas maskani hisoblangan.
Islomning muqaddas kalomi va hadisi shariflarida dildan qilingan ibodat qabul, duolar ijobat va gunohlar maxfirat qilinishi ta’kidlanadi.
Ushbu maskan o‘zining shifobaxsh suvli buloqlari bilan ham aziz va muqaddasdir. Maqbara poyidagi “Jannat buloq”, “Sumalak buloq”, “Qiz buloq”, “Ko‘z buloq”, “Sho‘r buloq” kabi bir necha buloq suvlari shifobaxsh hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buloqlarning suvlari tarkibidagi foydali minerallar, makro-mikro birikmalarga ega ekanligi bilan turli toshma va ichki kasalliklarga, quloq va ko‘z xastaliklariga malham bo‘ladi.
2000-2005 yillarida saxovatpesha insonlar ko‘magida ziyoratgoh obodonlashtirildi. Kichkina xona o‘rnida an’anaviy milliy me’moriy uslubda mahobatli maqbara bunyod etildi. Ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. bugungi kunga kelib, ushbu qadamjo ziyoratchilar arimaydigan gavjum maskanlardan biriga aylangan.
Bibi Seshanba ziyoratgohi diqqatga sazovor joy – madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasiga olingan.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA