Toshkent viloyatida joylashgan tog‘ chang‘i markazida sportning biatlon turi bo‘yicha kichik o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati bahslari natijasiga ko‘ra milliy terma jamoaga munosib nomzodlar saralandi.
Qorli tog‘lar bag‘rida kechgan murosasiz bahslarga boy chempionat yakunida bir qator yo‘nalishlarda mamlakat birinchiligining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Xususan, 2011-yil va undan kichik yoshlardagi sprint yo‘nalishidagi musobaqalarda Dilmurod To‘xtamurodov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Shohruz Husanboyev va Sardor Anorboyev keyingi pog‘onalarni band etdi. Madina No‘’monova, Zuhra Qadamboyeva, Aselya Malikova sovrindorlikni qo‘lga kiritdi.
Chempionatning o‘smirlar o‘rtasida 2008-2010-yillarda tavallud topgan yoshlar o‘rtasida Janibek Ilyosov, Erjigit Turginboyev, Bekzod Xujanazarov Despina Bandaletova, Gulnura Qadamboyeva, Noila Madaminova medallarga egalik qildi.
Shuningdek, kattalar o‘rtasidagi bahslarda Rolan Raimqulov va Inobat Tajiboyeva 1-o‘rinlarga egalik qildi. Kumush va bronza medallari Tursunboy Qosimov, Diyora Valijonova, Odinabonu Mirzatillayevaga nasib etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA