Germaniyaning Oberxof shahrida Biatlon bo‘yicha jahon kubogining to‘rtinchi bosqichi ilk kunida erkaklar va ayollar o‘rtasida sprint poygalari bo‘lib o‘tdi.
Unda erkaklar o‘rtasida 10 km. masofada tashkil etilgan sprint bahslarida italiyalik Tommazo Jakomel belgilangan masofani 25 daqiqa 1.7 soniyada bosib o‘tdi. Undan 13.2 soniya ortda qolgan germaniyalik Filipp Navrat ikkinchi o‘rindan joy oldi. Norvegiyalik Yoxannes Dale-Shevdal esa musobaqani uchinchi pog‘onada yakunladi.


Jahon kubogining ayollar o‘rtasidagi 7,5 kilometrda tashkil etilgan sprint musobaqasida shvetsiyalik Elvira Eberg masofani 22 daqiqa 0,6 soniyada bosib o‘tdi. Finlyandiya terma jamoasi a’zosi Suvi Minkkinen ikkinchi, fransiyalik Juliya Simon uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi.
Musobaqaning navbatdagi poygasi 10 yanvar sanasida bo‘lib o‘tadi. Unda erkaklar 12,5 km. quvish poygasida, ayollar esa 4 × 6 km estafetada qatnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA